Navoiy viloyat sudida sudlar tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Kudratovning ma’lum qilishicha, hisobot davrida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1086 nafar shaxsga nisbatan 835 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 225 taga, shaxslar soni esa 322 taga ko‘payganini bildiradi.
– Tamomlangan ishlardan 756 nafar shaxsga nisbatan 537 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan bo‘lib, hukm chiqarilgan ishlar soni 235 ta yoki 77,8 foizga ko‘paygan, – deydi viloyat sudi raisi Hamidulla Kudratov. – O‘tgan davr mobaynida 325 nafar shaxsga nisbatan 294 ta ish tugatilgan bo‘lib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sudlar tomonidan 21 nafar fuqaroga nisbatan tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinib, ularning barchasi oqlangan. 123 nafar shaxsga nisbatan esa 88 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilib, hukm chiqarilgan.
Shuningdek, hisobot davrida 91 nafar ayolga nisbatan 73ta, 432 nafar yoshga nisbatan 356 ta jinoyat ishi sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib hal etilgan.
Fuqarolik sudlari tomonidan esa joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida jami 11 ming 902 ta fuqarolik ishlar ko‘rib tamomlangan. Shundan 5239 tasi yoki 44 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan.
Ko‘rilgan ishlarning 562 tasi mehnat nizolari, 2779 tasi oila nizolari, 6885 tasi turli bitimlar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etib, sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6286 taga ko‘paygan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiyot sohasida odil sudlovni amalga oshirish yuzasidan jami 2413 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 1177 tasi sayyor sud majlislarida hal etilgan, 211 ta sud majlisi video konferens aloqa rejimida o‘tkazilgan. Bunda 397 nafar vakil o‘z hududlarida ishtirok etgan.
Joriy yilning 9 oyi davri mobaynida Navoiy viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan 643 ta ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ma’muriy ishlar ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 535 tasi qanoatlantirilgan, 81 tasi rad qilingan, 16 tasi ish yurituvdan tugatilgan hamda 11 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan.
– Ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ko‘rib tamomlangan ishlarni toifalar kesimida tahlil qilinganda, mansabdor shaxslarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 107 ta ish ko‘rib tamomlangan, – deydi viloyat Ma’muriy sud raisi Akmal Murodov. – Shuningdek, mansabdor shaxslarning harakat-harakatsizligini qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq 536 ta ish ko‘rib tamomlangan. Sud ta’sirchanligi faoliyati bo‘yicha sudlar tomonidan ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 190 marotaba xususiy ajrim chiqarilgan.
Sud raislari va sudyalar tomonidan o‘tkazilgan qabullarda 624 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakillaridan murojaatlar bo‘lib, ularning 211 tasi sayyor qabullarda, 413 tasi esa bevosita sud binosida qabul qilingan.
Shuningdek, Navoiy erkin iqtisodiy zonasida viloyat sudi raislari tomonidan investorlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilgan. Bundan tashqari sayyor qabullar jarayonida G‘ozg‘on shahri fuqarolari tomonidan ularning ish haqlariga belgilangan koeffitsiyent to‘lanmayotganligi hamda Zarafshon shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqlariga muayyan davr ishlaganliklari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan ustamalar kam miqdorda to‘lanayotganligi haqidagi murojaatlari yuzasidan qonunga o‘zgartirish kiritish masalasida takliflar berildi.
Tadbirda viloyatda sudlar tomonidan fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish, jinoyatchilikni kamaytirish, xalq bilan yaqindan muloqot qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, olis hududlarda uyushtirilayotgan sayyor qabullar samarasi borasida ma’lumot berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA