Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Shoirlarning sultoni” tavalludi keng nishonlanmoqda
14:20 / 2024-02-09

Bu yil ham Alisher Navoiy nomi bilan yuritiluvchi viloyatda so‘z mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludi o‘zgacha nishonlanmoqda. Shoir hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan turli adabiy kechalar, mushoiralar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Erta tongdan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari tomonidan Navoiy shahrida qad rostlagan bobokalonimiz haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. 

Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, Alisher Navoiy ijodining ahamiyati, buyuk ajdodimiz yaratgan asarlar va alloma ilmiy-ijodiy merosining mazmun-mohiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda navqiron viloyat, shahrimiz, shuningdek, ko‘plab ta’lim muassasalari, ko‘chalar, mahallalar, guzarlar, istirohat bog‘lari, kinoteatr va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari Alisher Navoiy nomi bilan yuritiladi. Bu, albatta, allomaga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom belgisidir. 

[gallery-15880]

– Navoiy siymosi, u yaratgan asarlar umrboqiyligining sirlarini o‘rganish, saboq olish buyuk mutafakkir yashab o‘tgan davrning o‘zidayoq boshlangan, – dedi viloyat hokimi. – Shoir yashab o‘tgan davrdan keyin barcha zamonlarda ijodiy faoliyati, jahon adabiyotining durdonalariga aylangan asarlari adabiy jarayon, badiiy tafakkur taraqqiyotida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilmoqda. Mumtoz adabiyotimiz tarixida biror ijodkor yo‘qki, Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilmagan, uning g‘azallariga nazira bog‘lamagan bo‘lsin. “Avliyolarning avliyosi”, “Mutafakkirlarning mutafakkiri”, “Shoirlarning sultoni”, deya e’tirof etilgan ulug‘ allomaning hayot yo‘lini o‘rganish, uning asarlarini tahlil va tadqiq qilish bugungi kun yoshlarining har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib kamolga yetishida muhim o‘rin tutadi. 

Tadbirning asosiy qismi Ma’naviyat va ma’rifat markazida davom ettirildi. Badiiy kechada Alisher Navoiy g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz qo‘shiqlar kuylanib, asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari