Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Qizlar ovozi” viloyat forumi bo‘lib o‘tdi
10:19 / 2021-12-11

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da yosh xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir qizlar safini kengaytirish orqali jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, yosh xotin-qizlarning ruhiy va ma’naviy zo‘riqishining oldini olish maqsadida “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” doirasida “Qizlar ovozi” klubining viloyat forumi hamda “Milliy liboslar namoyishi” bo‘lib o‘tdi.

Muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 27 dekabrdagi yoshlar bilan uchrashuvida ko‘tarilgan yosh oilalar ajrimining sabab va oqibatlarini tanqidiy-tahlil qilish, yosh xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy modulini yaratish, ularning ijtimoiy-siyosiy savodxonligini oshirish maqsadida “Qizlar ovozi” platformasi doirasidagi loyihalarga start berilib, qanchadan qancha iste’dodli qizlar bir maqsad atrofida birlashdi. bugungi kunda 8 ta yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan “Qizlar ovozi” klubining 173 a’zosi bor.

– “Qizlar ovozi” klubi a’zolari xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi muammo va yechimlar, normativ huquqiy hujjatlarda aks etgan, biroq amalda yosh xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilalarda milliy qadriyat, yosh xotin-qizlarning axloqiy me’yorlari masalalari bo‘yicha o‘zlarining kreativ g‘oyalari bilan aslida bir ezgu maqsad atrofida ekanliklarini ko‘rsata oldi, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi qoshidagi “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori Gulhayo Ravshanova. – O‘tgan davr mobaynida klubga xotin-qizlar tomonidan 81 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 23 tasi ijobiy hal etilib, 49 tasi yuqori mutassadi hamkor tashkilotlarga yo‘naltirildi va ayni paytda 9 ta murojaat o‘rganib chiqilmoqda.

 Klub a’zolari tomonidan oilalar ajralishining oldini olish, gender tenglikni ta’minlash, yosh xotin-qizlarning ruhiy va ma’naviy zo‘riqishi oldini olish, oilalar muammolarini o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish maqsadida viloyatdagi 19 ta notinch bo‘lgan oilalar muammolari o‘rganilib, shundan 6 tasi ijobiy hal etildi va 13 ta oilalar muammolarini o‘rganish bo‘yicha mutassadi hamkor tashkilotlarga yo‘naltirildi.

Shuningdek, viloyatdagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida milliy hunarmandchilik, kompyuter savodxonligi, biznes reja tuzish, issiqxona, shirinlik mahsulotlari yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn mahorat darslari o‘tkazilib 320 nafardan ziyod xotin-qiz ishtiroki ta’minlandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2019-2021 yillar davomida viloyat “Qizlar ovozi” klubi tomonidan 37 ta loyiha amalga oshirildi. Loyihalar doirasida 451 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashildi. Viloyatdagi ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda “Tadbirkorlik va biznes asoslari” o‘quv kursi tashkil etilib, ularga ijtimoiy daftarlarga kiritilgan xotin-qizlar jalb etilmoqda. O‘quv kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan xotin-qizlarni ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilib, nazoratga olingan.

Tadbir yakunida bir qator hamkor tashkilotlar va faol qizlar O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA