Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, yosh xotin-qizlarning ruhiy va ma’naviy zo‘riqishining oldini olish maqsadida “Qizlar ovozi” klubining viloyat forumi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2019 yil 27 dekabrdagi yoshlar bilan uchrashuvida ko‘tarilgan yosh oilalar ajrimining sabab va oqibatlarini tanqidiy-tahlil qilish, yosh xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy modulini yaratish, ularning ijtimoiy-siyosiy savodxonligini oshirish maqsadida “Qizlar ovozi” platformasi doirasidagi loyihalarga start berilib, qanchadan qancha iste’dodli qizlar bir maqsad atrofida birlashdi. Qariyb, bir yil davomida 8 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Qizlar ovozi” klubi turli loyihalarni amalga oshirdi.
− "Qizlar ovozi" klubi a’zolari xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi muammo va yechimlar, normativ huquqiy hujjatlarda aks etgan, biroq amalda yosh xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilalarda milliy qadriyat, yosh xotin-qizlarning axloqiy me’yorlari masalalari bo‘yicha o‘zlarining kreativ g‘oyalari bilan aslida bir ezgu maqsad atrofida ekanliklarini ko‘rsata oldi. Va bu o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Shu sabab joriy yilda barcha shahar-tumanlarda ushbu klubning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ayni paytda, “Qizlar ovozi” klubi viloyat koordinatorlariga munosib qizlarning saralanyotganligi ham jamiyatda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir, − deydi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Dilnoza Abduhamidova.
Forum doirasida koordinatorlikka nomzod qizlarning loyihalari tinglandi. Jumladan, Navoiy davlat pedagogika instituti 4-bosqich talabasi, “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni sohibasi Barno Hasanova “Ijtimoiy himoya qatlamidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash”, Navoiy davlat pedagogika instituti 2-bosqich talabasi Bahora Safarova “Sharqona gendertenglik”, Navoiy davlat pedagogika instituti magistranti, “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni sohibasi Sharofat Tursunova “Ekologik madaniyat va unda xotin-qizlarning o‘rni”, Navoiy davlat pedagogika instituti 2-bosqich talabasi, “Yil talabasi – 2020” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Gulhayo Ravshanova “Xotin-qizlar bandligi bo‘yicha “Yosh biznesmen qizlar” Kengashini tuzish” loyihasi bilan ishtirok etdi.
Turli bahs-munozaralar, savol-javoblar, shuningdek, oshkoralik, shaffoflik va adolatlilik tamoyili asosida ovoz berish yo‘li bilan “Qizlar ovozi” viloyat koordinatorligiga o‘z bilimi, tirishqoqligi, iste’dodi va iqtidori bilan Gulhayo Ravshanova munosib deb topildi.
Shuningdek, tadbir yakunida bir qator hamkor tashkilotlar hamda faol qizlar O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, “Qizlar ovozi” II Respublika Forumi Navoiy viloyatida o‘tkaziladi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA