Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish hamda aholining turmush farovonligini yanada oshirishga doir aniq vazifalar belgilab berilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu vazifalar qay darajada ijro etildi?
Prezidentimizning taklif va ko‘rsatmalari asosida viloyatning barcha hududlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, taqdimot qilingan loyihalarning ishga tushirilishi viloyat iqtisodiyoti rivojiga, shuningdek ishsiz aholi bandligini ta’minlashga xizmat qildi.
“Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish sexi ishga tushirilishi natijasida 491 ta ish o‘rni yaratildi.
2020 yil dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan mazkur majmua loyiha qiymati 985,7 million dollarga teng bo‘lib, 577 million dollar miqdoridagi mablag‘ Yaponiya banklari va moliyaviy institutlari kreditlari, 320 million dollari O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti va 88,7 million dollari korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
[gallery-3608]
Majmua qurilish ishlari Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda olib borildi. Ishlab chiqarish texnologiyalari esa dunyoning eng yetakchi kompaniyalari, xususan, ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha Daniyaning “Haldor Topsoe”, karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha Italiyaning “Saipem” kompaniyasi hamda karbamid granulyatsiyasi bo‘yicha Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari bilan hamkorlik qilindi.
Ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasining texnologik bosqichlarida qo‘llanilgan noyob innovatsion va zamonaviy texnologiyalar ekologik va energetik samaradorligiga ko‘ra dunyodagi eng so‘nggi texnologiyalar hisoblanadi. Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari tashrifi davomida viloyatda baliqchilik xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish, yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish borasida o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini bergan edi.
Shundan keyin Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l suv ombori hududida “Golden lake fish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Korxona tomonidan 2019 yilda Vengriya davlatidan 390 dona ota-ona karp baliqlari, Rossiya Federatsiyasidan esa 3 ming dona gibrid o‘rdaklar olib kelindi.
Hozirgi kunda MCHJ tomonidan 25 ming donaga yaqin ota-ona karp baliqlari parvarishlanmoqda. 100 ga yaqin doimiy, 150 ga yaqin mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan. Ayni paytda 210 gektar maydonda baliq chavoqlari yetishtiriladigan reproduktor havzalar mavjud. Unda 2020 yilda 5 million dona venger karp baliq chavoqlari yetishtirilgan. Xitoy davlatidan olib kelingan yillik ishlab chiqarish quvvati 1000 tonnadan iborat baliqni qayta ishlaydigan file va kotlet sexi faoliyat yuritmoqda. “AQVA FURE” O‘zbekiston – Vengriya qo‘shma korxonasi tomonidan har qanday mavsumda ham baliq ovlashga mo‘ljallangan katerlar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda usti ochiq va yopiq qayiqlar hamda yaxta ishlab chiqarish ustida ish olib borilmoqda.
Tumandagi "Yangi Asr" fermer xo‘jaligi tomonidan loyiha qiymati 60 milliard so‘mlik naslli qoramolchilik hamda sutni qayta ishlash sexi loyihasi foydalanishga topshirildi. Natijada 180 ta ish o‘rni yaratildi. bugungi kunda mazkur korxonada Germaniya davlatidan 396 ta naslli qoramollari olib kelinib parvarishlanmoqda. Mazkur korxona “Tashabbus – 2021” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ishtirok etib “Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Prezident sovg‘asi avtomashina bilan taqdirlandi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari bo‘yicha agroklasterlar tashkil etish, yaylovlar holatini yaxshilash loyihalari taqdimoti o‘tkazilgan edi. Ushbu taqdimotlardan keyin “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “Navoiy ishonch gilamlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sun’iy yomg‘ir usulida sug‘orish texnologik uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyihaga 6,4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi va 50 ga yaqin kishining bandligi ta’minlandi.
Prezidentimiz tashrif chog‘ida G‘ozg‘ondagi marmar va granit konlari negizida tabiiy toshlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, bu boradagi ishlarni klaster tizimi orqali amalga oshirish vazifasini qo‘ygan edi. Vazifalar ijrosi doirasida yirik korxona – “Marmarobod” korxonasi ish boshladi.
Bir yil ichida 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga 6 gektar yerda zamonaviy korxona ishga tushdi. Xorijdan 655,5 million dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Asosiy maqsad – loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va eksportga yo‘naltirishga qaratillmoqda. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard so‘m, eksport - 10 million dollarga yetishi, bir yarim mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda yagona hisoblangan mazkur klasterning hududi 37 gektar. U o‘z tarkibiga granit va marmar konlaridan tortib, ishlab chiqarish korxonalarini qamrab olgan. Hozirgi kunda Pashshot, Pargat konlarining ustki qismini ochish bilan birgalikda yangi uskunalar yordamida granit toshlarni qazish ishlari ham olib borilmoqda. U barcha qayta ishlovchilarni xomashyo bilan ta’minlovchi bosh korxona hisoblanadi. Uning yillik quvvati 70 ming kub metr tabiiy toshni qazib olishga mo‘ljallangan. Bu hajm dastlabki bosqichda bosh korxonaning ham, tadbirkorlarning ham ehtiyojini to‘la qondiradi. Bundan tashqari, klaster tarkibida g‘ozg‘onlik mahalliy tadbirkorlar uchun 10 ta ishlab chiqarish binosi barpo etildi. Ularni qurish va zamonaviy qayta ishlash dastgohlari bilan jihozlash uchun ishbilarmonlarga imtiyozli kredit taqdim etildi.
“Marmarobod” hududida bank, servis xizmatlari, o‘quv markazi, ehtiyot qismlar va dastgohlar sotish do‘koni tashkil qilindi. G‘ozg‘onda loyiha qiymati 11,1 milliard so‘m bo‘lgan tabiiy pardozbop materiallar ishlab chiqaruvchi "Navoi Process Stone" MCHJ QK va loyiha qiymati 5,1 milliard so‘m bo‘lgan "Gazganstone" MCHJ ham o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Yana bir muhim tarixiy voqealardan biri Nurota tumanidagi G‘ozg‘on posyolkasiga shahar maqomi berildi. G‘ozg‘on shahri tashkil etilgandan keyin shahar hududida 38,7 kilometr 10 ta elektr uzatish tarmog‘i va 8 dona transformator punkti qurildi, 7,4 kilometr yo‘llar va 3 ta ko‘priklarda qurilish-montaj ishlari olib borildi.
bugungi kunda shaharda 3 ta umumta’lim maktabi, 3 ta davlat MTT hamda 6 ta oilaviy MTTlar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, shaharda Xalq qabulxonasi, davlat xizmatlari markazi, ichki ishlar, prokuratura va boshqa davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bundan tashqari, 2021 yil Investitsiya dasturiga asosan shaharda 1 ta yangi MTT qurilishi hamda mavjud 1 ta MTT va 1 ta umumta’lim maktabida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Tashrifdan keyin Xatirchi tumanida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, "Asya Sera Navoi" QK tomonidan loyiha qiymati 43,8 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy issiqxona tashkil etildi va 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, "Xatirchi tekstil" MCHJ tomonidan loyiha qiymati 114,4 milliard so‘m bo‘lgan ip-kalava, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirildi va mahalliy aholi vakillarining 250 nafari ishli bo‘ldi.
2019-2020 yillarda Investitsiya dasturi doirasida "Navoiy suv ta’minot" MCHJ tasarrufida jami 38 ta ichimlik suvi inshootlari qayta ta’mirlandi.
Investorlar bilan muhim kelishuvlarga erishish maqsadida viloyatda “Invest In Navoi” II xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 40 dan oshiq mamlakatidan 250 nafardan ortiq ishbilarmon, investorlar, O‘zbekistondagi qator xorijiy davlatlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. O‘zaro manfaatli va samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan forumda bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Tomdi tumanida foydali qazilmalarni qidirish va o‘rganish, Navbahor tumanida bioyoqilg‘i ishlab chiqarish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘stirish va qayta ishlash, Navoiy shahrida zamonaviy klinika va diagnostika markazini tashkil etish loyihalari shular jumlasidandir. Forumda umumiy qiymati 150 million AQSH
dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalari bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Prezidentimizning viloyat hududiga “Erkin iqtisodiy zona” maqomini berish yuzasidan bergan topshirig‘iga asosan 96 ta korxonaga 120 ta loyiha bo‘yicha erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomi berildi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 937,8 million dollar bo‘lib, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar – 285,4 million dollarni tashkil etadi. bugungi kunda faoliyatini to‘liq boshlagan 60 ta loyihalarda 4067 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 62268 ta loyihaga 1 trillion 226 milliard so‘m mablag‘lar ajratildi. 2019 yilda viloyatda “Usta-shogird” an’analari asosida ish o‘rinlari 2 barobarga oshirilib, ular soni 5 ming 877 taga yetkazilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 8287 taga yetdi.
Yoshlarning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Nurota va Tomdi tumanlarida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan “Yoshlar mehnat guzarlari” qurilib foydalanishga topshirildi. Mazkur ob’ektlarda milliy shirinliklar ishlab chiqarish sexi, savdo do‘konlari, kutubxona, go‘zallik saloni, o‘quv markazlari hamda tadbirkorlar uchun ofislar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 36 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi.
bugungi kunda ham viloyatda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari davom ettirilib, yangidan-yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda. Va albatta, ularda mahalliy yoshlar, xotin-qizlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA