Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda oliy ta’lim taraqqiyoti: yangi bosqich
14:34 / 2025-10-21

Yangi O‘zbekistonni yangi tafakkur, bilim va ilmiy salohiyat egalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugun yurtimizda “inson kapitali” eng qimmat boylik sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimi taraqqiyotining yuksak bosqichga chiqayotgani, har bir viloyatda ilm maskanlari zamonaviy talablarga mos shakl olayotgani – bu yurt istiqbolining kafolatidir. Navoiy viloyati ham ushbu jarayonlarda yetakchi hududlardan biriga aylanib bormoqda.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ta’lim muassasalari soni ikki baravar ko‘paydi, xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini topayotgan universitetlar safi tobora kengaymoqda, xorijiy hamkorlik masalalariga har bir ta’lim muassasasi alohida e’tibor qaratmoqda. Eng muhimi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan oliy ta’lim qamrovini 50 foizga yetkazish maqsadi ham hududlar kesimida izchil amalga oshirilmoqda. 

So‘nggi besh yil ichida Navoiy viloyatida oliy ta’lim dargohlari soni 2 tadan 5 taga, jumladan, 3 ta nodavlat universitetning ochilishi bilan ikki baravardan ziyodga ko‘paydi. Talabalar soni 2018 yilda 18-20 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 40 ming nafardan oshdi. Mazkur raqamlar yoshlarning oliy ta’limga kirish imkoniyati va qamrov darajasining 2 baravar oshganini bildiradi. Ilmiy salohiyat ham 2019 yildagi 27 foizdan 40 foizga ko‘tarilgan bo‘lib, fan doktorlari soni 60 nafardan oshdi. Barcha ta’lim muassasalarimizdagi jami ustozlarning qariyb 400 nafari esa fan nomzodi va falsafa doktori ilmiy darajasiga ega. 

Viloyatdagi oliy ta’lim dargohlarining umumiy “yashil energiya” quvvati 993 kVt ga yetkazildi. Bu esa “Yashil universitet” konsepsiyasiga muvofiq ekologik ta’lim modelining jadal shakllanayotganini ham ko‘rsatadi.

Viloyatdagi eng yirik ilmiy markaz, aytish mumkinki Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bo‘lib, ushbu muassasa 1995 yilda tashkil etilgan va joriy yilda 30 yillik tantanalar keng nishonlanyapti. Xususan, mazkur sanaga bag‘ishlab “Zarafshon mintaqasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” VI xalqaro ilmiy-texnik anjumani tashkil etildi. Yurtimiz ilmiy jamoatchiligi bilan birga Rossiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Malayziya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan olimlar ishtirok etgan mazkur anjumanda bir qator xorijiy universitetlar bilan memorandum va yo‘l xaritalari imzoladik. Bular hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahalliy olimlarning xorijiy stajirovkalarini tashkil etish hamda talaba va magistrlar almashinuvi dasturlaridan iborat. 

Ilmiy salohiyat 70 foizga yaqinlashayotgan oliy ta’lim muassasasamizda bugungi kunda 11 ming nafardan ortiq talaba kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida tahsil olayotgan bo‘lib, konchilik, energo-mexanika, kimyo-metallurgiya sohalari bilan birga qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, qurilish hamda sun’iy intellekt tarmoqlarida ham malakali kadrlar tayyorlanmoqda. So‘nggi ikki yil 10 nafardan ortiq fan doktori, hamda 80 nafarga yaqin falsafa doktorlari yetishib chiqdi. Mazkur yillarda olimlarimiz tomonidan 28 ta darslik, 139 ta monografiya hamda 146 ta qo‘llanma chop etildi, 45,8 milliard so‘mlik ilmiy loyihalar amalga oshirildi. Bu jarayon ayni vaqtda ham jadal davom ettirilmoqda. 

Ma’lumki, konchilik sohasidagi dunyodagi eng yirik 10 ta kompaniyalardan biri – Navoiy kon-metallurgiya kombinati universitetimizning asosiy ish beruvchisi va uzoq yillik yaqin hamkori sanaladi. NKMK Navoiy mashinasozlik zavodida universitet negizidagi “Mahalliylashtirish va innovatsion rivojlantirish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur yangi markaz “Dual ta’lim” tizimi asosida kadrlar tayyorlashda muhim  ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu bilan birga, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ishlab chiqarish va ta’mirlash bazasida, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ hamda Navoiy mashinasozlik zavodi hududidagi universitetning texnoparkida tashkil etilgan kafedra filiallari faoliyatini yanada kengaytirib boryapmiz. Yuqori kurs talabalarining zavodlardagi bir necha oy davom etadigan oylik maosh to‘lanadigan malakaviy-ishlab chiqarish va bitiruv ishi oldi amaliyotlarini o‘tayotgani ularning mutaxassislik diplomlarini qo‘lga kiritishdan avval aniq ish o‘rinlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Dual ta’lim” tizimi asosidagi talabaga haq to‘lanadigan amaliyot jarayonlari bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi yangi tajribalardan biri ekanligini ham qayd etish kerak. 

Yana bir muhim yangilik, Prezidentimizning “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2025-2026 o‘quv yilidan universitet negizida beshinchi – Zarafshon fakulteti ish boshladi. Bu nafaqat olis hududlar – Tomdi, Uchquduq hamda Zarafshon shahridagi yoshlar uchun, balki butun Navoiy viloyati ta’lim infratuzilmasida katta imkoniyat yaratadi. Fakultetda o‘quv jarayonlari ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqin integratsiyada olib borilmoqda. Zarafshon shahridagi oltin konlari, texnologik klasterlar, startap markazlari bilan hamkorlikda yoshlar amaliy tajriba orttirish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Yaqinda esa “Konchilik ishi”, “Metallurgiya muhandisligi” hamda “Kimyo muhandisligi” bakalavr dasturlari va shunga mos ravishda magistratura mutaxassisliklari Germaniyaning xalqaro akkreditatsiya tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Mazkur jarayon universitetning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzini oshirish va talabalarga keng imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xuddi mana shunday yutuqlar Navoiy viloyatidagi barcha ta’lim dargohlarida ham qo‘lga kiritilayotgani Qizilqum mintaqasida oliy ta’lim sohasi taraqqiyoti jadallashayotganini ko‘rsatadi. Shu bois ham bugungi kunda viloyatdagi oliy ta’lim dargohlari nafaqat bilim maskanlari, balki yaratuvchanlik va yangiliklar o‘chog‘iga aylanmoqda. Ilmga intilgan har bir yosh uchun imkoniyat, ilhom va istiqbol eshiklari hamisha ochiq.

 Yangi O‘zbekistonning jadal taraqqiyoti bu avvalo bilimli, tashabbuskor va fidoyi yoshlarning orzu-intilishlari ro‘yobidir. Shunday ekan, ilm yo‘lini tanlagan har bir talaba, o‘qituvchi va tadqiqotchining tashabbus hamda sa’y-harakatlari ilm va innovatsiyalar bilan yuksalayotgan yurtimiz rivojining mustahkam poydevorini tashkil etadi. 

Baxtiyor Mardonov,

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor.

O‘zA