Hech kim ko‘rmaydi, yoxud bilmaydi deb qir-adirliklarni o‘zlariga savdo hududi etib belgilagan og‘ufurushlarning kirdikorlari Navoiy viloyati IIB JQB hamda DXX xodimlari tomonidan tashkil etilgan tezkor tadbirlar davomida fosh etildi.
Xatirchilik fuqaro 2 million so‘m pul evaziga 4 dona gugurt qutida og‘irligi 23 gramm bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi. Soha xodimlarining ilk sa’y-harakati bilan kalavaning uchi topildi. Ushbu fuqaro bergan ko‘rsatmalar yordamida navbatdagi og‘ufurushning ham kimligi ayon bo‘ldi. 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro ham asli xatirchilik bo‘lib, surishtiruvlar vaqtida o‘z xaridoriga 21 dona gugurt qutilarga solingan og‘irligi 128 gramm bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ushlandi.
- Samarqandlik fuqaroning yonidan 11 dona gugurt qutilarga solingan og‘irligi 68 gramm bo‘lgan va uning xonadonidagi sandiq ichidan ham 85 dona gugurt qutilarga qadoqlangan xamda yashil rangli yelim idishda bo‘lgan jami og‘irligi 705 grammni tashkil etgan “marixuna” giyohvandlik vositasini kelgusida sotish masdida saqlab kelayotganligi aniqlangan. Ushbu jinoiy guruh a’zolari avval ham aynan shu kabi qilmishlari bilan sudlangan. Biroq o‘z qilmishlaridan xulosa qilmaganligi bois, bugun yana javobgarlikka tortildi, - deydi viloyat IIB matbuot xizmati rahbari O‘ktai Usmonov.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksinining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA