Inspeksiyaning Navoiy viloyati inspektorlari tomonidan “X” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan)ga qarashli elektrodli isitish (elektr) katyollarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish korxonasida davlat nazorati o‘tkazildi.
Tekshirish jarayonida jamiyatda ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilinayotgan elektrodli isitish (elektr) katyoliga O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan me’yoriy hujjat yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari ishlab chiqarilgan va sotilayotgan elektrodli isitish (elektr) katyollariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirib berilgan bo‘lib, ushbu muvofiqlik sertifikatlari tahlil qilinganda, muvofiqlik sertifikatida mahsulotga tegishli me’yoriy hujjat qismida GOST 20548-92 va GOST 30735-2001 ko‘rsatilgan. Ammo ushbu me’yoriy hujjatlar elektrodli (elektr) isitish katyollariga taalluqli emasligi belgilangan bo‘lsada, ushbu me’yoriy hujjatlar asosida elektrodli isitish katyollari sertifikatlashtirilganligi aniqlandi.
Natijada jamiyat tomonidan 2024 yil 1 yanvardan 22 oktyabrgacha miqdori 52 dona, jami 18 64 000 000 so‘mlik elektrodli (elektr) isitish katyollari me’yoriy hujjatsiz ishlab chiqarilib sotilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshirish davrida jamiyat omborida saqlanayotgan, 2024 yilda ishlab chiqarilgan, 1 dona qolgan «KEO-30» markali, elektrodli isitish katyoli tekshirish uchun tanlab olindi.
Namunaga olingan, «KEO-30» markali, elektrodli isitish katyolining nazorat sinovi, akkreditlangan sinov laboratoriyasining sinovlar natijasiga ko‘ra, GOST 18620-86 me’yoriy hujjatining 7-bandi talablariga, ya’ni texnik qurilmaning yorliqlanishida quyilgan talablar qismi bo‘yicha mos kelmasligi aniqlandi.
Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonunining 22-moddasi talablariga rioya etilmagan.
Shuningdek, ish faoliyatida foydalanilayotgan jami 9 dona o‘lchash vositalaridan 6 dona o‘lchash vositalarining metrologik tekshiruvdan (qiyoslash ko‘rigidan) o‘tkazilmagani aniqlandi. Bu bilan, O‘zDSt 8.003:2005 davlat standartining 4.4-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasining «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonunining 16 va 20-moddalari talabi buzilgan.
Davlat nazorati tekshiruvi yakuniga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarga asosan, O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonunlarining talablari buzilishi sodir etilayotgani sababli, qoldig‘ida mavjud bo‘lgan mahsulotni sotishni taqiqlash hamda qiyoslanmagan o‘lchash vositalaridan 10 ish kuniga foydalanishni taqiqlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MjtKning 212-moddasi 1-qismi, 213-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan holat bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, tegishli hujjatlar jinoyat sudiga taqdim etildi.
O‘zA