Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda navoiyshunos olimlar jam bo‘ldi
12:53 / 2025-10-17

Navoiy shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi hamda Navoiy davlat universiteti hamkorligida “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan viloyat ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etgan edi. Ushbu tashabbus doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar, xalqaro miqyosdagi anjumanlar, xalqaro tadbirlar tashkil etish ham belgilangan edi. 

Mazkur xalqaro ilmiy konferensiya ham ushbu tashabbus doirasida tashkil etilib, unda AQSH, Turkiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlardan 20 ga yaqin navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning barcha oliygohlaridan taniqli professor-olimlar, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari ishtirok etmoqda.

[gallery-25767]

Konferensiya avvalida ishtirokchilar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar viloyat markazida qad rostlagan shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yib, ulug‘ mutafakkirga alohida ehtirom ko‘rsatdi.
Kunning ikkinchi yarmida “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida yalpi majlis o‘tkazilib, ishtirokchilar sho‘’ba yig‘ilishlarida ishtirok etadi. 

Konferensiyaning ikkinchi kunida esa ishtirokchilar Nurota tumanida joylashgan “Chashma” ziyoratgohida bo‘ladi va ular uchun tuman markazidagi anfiteatrda musiqali badiiy-ma’rifiy dastur namoyish etiladi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA