Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivali boshlandi
21:00 / 2023-03-29

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivalining ochilish marosimi va TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid boshqarib borgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan Turksoy tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev va boshqalar ushbu nufuzli festivalning ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda o‘tayotgani alohida ramziy ma’noga egaligini ta’kidladi.  Mazkur anjuman turkiy xalqlar o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkiy xalqlar mumtoz she’riyatini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilish, adabiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.

Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida shu yilning mart oyida Navoiy shahrida turkiy xalqlar adiblari ishtirokida “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivalini o‘tkazish vazifasi belgilangan edi. Yaqinda Anqara shahrida turkiy tilli davlatlar ijodiy tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa TURKSOY Yozarlar birligi ta’sis etilib, Qozog‘iston xalq shoiri Ulug‘bek Eshdavlat ushbu tuzilmaga rais, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor faxriy rais etib saylangan edi.

[gallery-11190]

Tadbir doirasida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar tplamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

– Davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan. Turkumni tayyorlash uchun 200 nafardan ortiq tarjimonlar, 100 nafardan ko‘proq adabiyotshunos, matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etilgan.

Festivalning ikkinchi qismi “Farhod” madaniyat saroyida davom etdi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov so‘zga chiqib, festivalning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib, jahon adabiy muhitiga, shuningdek, o‘zbek-ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 85 yoshni qarshilayotgan TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor Rzayevni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida” gi Prezident farmonini o‘qib eshittirdi. Unga “Do‘stlik” ordeni va estalik sovg‘alari topshirildi.

Festival “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy dasturi bilan davom etdi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA