Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda mediaforum ish boshladi
20:04 / 2022-03-25

Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusidagi 5 kunlik respublika mediaforumi boshlandi.

Forum doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda barcha viloyatlardan gazeta, televideniye va internet jurnalistikasi sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar ishtirok etmoqda. Forumning birinchi kunida ishtirokchilar “Farhod” madaniyat saroyida joylashgan “NKMK tarixi muzeyi” da bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu muzey kombinatning 60 yillik tarixini o‘zida mujassamlashtirgan.

– Muzeyni tomosha qilar ekansiz kombinatning egallab turgan maydoni, faoliyat ko‘lami, davlat uchun daromadlilik darajasi, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulotlar turlarining ko‘pligi, band bo‘lgan xodimlar soni, xullas, barcha ma’lumotlar bilan tanishish mumkin, — deydi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi televideniye guruhi muharriri Nuriddin Boliyev. — Muzeyning ikkinchi zalidagi ekspozitsiyalar NKMK tashkil topish davridan hikoya qilar ekan. Bu yerda kombinat tarixini fotosuratlardan ham ko‘rib, bilib olish mumkin. Muzeyda NKMK tizimidagi sanoat korxonalari maketlari o‘rin olgan bo‘lib, o‘zimni zavodlar ichiga kirib qolgandek his etdim. — Bu Muruntov koni karerining maketi, — deydi muzey direktori Salima Xoldorova. 

— 1967 yil mart oyida Muruntov konida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy portlash ishlari Markaziy Qizilqum hududidagi yer qazilma boyliklarini o‘zlashtirishning yangi davri boshlanganidan darak berdi. Ayni vaqtda karerning chuqurligi 615 metrni, uzunligi 3500 metrni va eni 2700 metrni tashkil qiladi. Ochiq usulda konning barcha zaxiralarini samarali o‘zlashtirish 1170 metrgacha chuqurlikda va ayrim uchastkalari bortlarining balandligi 1200 metrgacha bo‘lgan sharoitda amalga oshiriladi. Kon karerining cho‘ziqligi g‘arbdan sharqqa qarab 1,3 barobarga ortib 3300 metrdan 4300 metrgacha kengaygan, shimoldan janubga esa 1,5 barobarga ortgan. 

Shuningdek, kombinatning erishgan yutuqlari, faoliyat olib borayotgan olimlar ilmiy izlanishlari natijalari muzey eksponantlari orasidan joy olgan. Shu yerning o‘zida viloyatdagi 9 ta tuman gazetasi tahririyatlariga “YURIDA-ORFO” kompyuter dasturini bepul o‘rnatish uchun sertifikatlar topshirildi. Dastlab O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov so‘zga chiqib, mamlakatimizda jurnalistika sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, sohada erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

[gallery-6298]

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishni to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyiga qadar markaziy, mahalliy bosva va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan “YURIDA NYSA” korxonasi bilan hamkorlikda lotin yozuviga asoslangan matnlarni bexato yozilishini ta’minlashga mo‘ljallangan “YURIDA-ORFO” dasturi ishlab chiqilgan. O‘zbek tilidagi matnlarni tekshirishga mo‘ljallangan “YURIDA-ORFO” dasturi bazasida o‘zbek tilidagi 1,8 milliardga yaqin so‘z shakllari kiritilgani dasturning nechog‘li mukammalligini bildiradi. 

— Bugun bizning tahririyatimizga ham “YURIDA-ORFO” kompyuter dasturini bepul o‘rnatish uchun sertifikatlar topshirildi, — deydi Navbahor tuman hokimligi muassisligidagi “Navbahor tongi” gazetasi bosh muharriri Bobur Hotamov. — Tadbirda dasturning imkoniyatlari haqida so‘z bordi. Jumladan, dastur matndagi xato so‘zlarni topadi, xato so‘zlarga to‘g‘ri so‘z variantlarini beradi, so‘zning izohini, ma’nosini ko‘rsatadi, matnni kirill alifbosidan lotin alifbosiga va aksincha lotin alifbosidan krill alifbosiga o‘giradi, matn bilan aloqador bo‘lgan boshqa funksiyalarni bajaradi.

Forumda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining Andijon va Buxoro viloyatlari bo‘limlari rahbarlarining hisoboti eshitildi. 5 kun davom etadigan forum doirasida OAV vakillari uchun viloyatdagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtiriladi, “Navoiy kon-metallargiya kombinati” AJdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishiladi, “Metallurg” profilaktoriy-sanatoriysida sog‘lomlashtirish muolajalari amalga oshiriladi. Shuningdek, forum kunlari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga Navoiy viloyatidan qabul qilingan yangi a’zolarga guvohnomalarni topshirish, tadbir ishtirokchilari va navoiylik yosh ijodkorlar uchun bir qator markaziy nashrlar bosh muharrirlari, ustoz jurnalistlar tomonidan mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (foto), O‘zA