Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining “Maktabgacha ta’lim sifati: joriy holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida viloyat an’anaviy avgust konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta’lim sohasi har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, maktabga tayyorlash, sohadagi islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim tizimida boshqaruv mexanizmi tubdan takomillashtirilib, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z bordi.
Viloyatda 2018-2022 yillar davomida jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 132 tadan 1127 taga yetdi. Ulardan 210 tasi davlat va 917 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qariyb 90 foizi zamonaviy loyihalashtirilgan binolarga joylashtirilgan bo‘lib, 87 foizi markazlashgan tizimlarga ulangan.
[gallery-8337]
– Birgina joriy yil 6 oyi mobaynida 2 ta davlat va 3 ta yirik davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim tashkiloti boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Tillayev. – Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari negizida 4 ta xususiy, 73 ta yirik davlat-xususiy sheriklik asosida va 840 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. 80671 nafar 3-7 yoshdagi bolalarning 65247 nafari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Bu ko‘rsatkich 5 yilda 34,1 foizdan 80,9 foizga yetkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan viloyatda bugungi kunda 60 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etildi.
Viloyatda 2018-2022 yillar davomida turli davlat dasturlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 130 ta, jumladan 33 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurildi, 79 tasi rekonstruksiya qilindi, 18 tasi mukammal ta’mirlandi. Joriy yilda esa 66,7 milliard so‘mlik 22 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Viloyatda nodavlat sektorni rivojlantirish uchun 82 ta yirik loyihaga 170,1 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, tizimda ta’lim berishning muqobil shakllaridan keng foydalanilmoqda. Xususan, 2020-2022 yillarda 6 yoshli bolalar uchun 284 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, ularga 6923 nafar bola qamrab olindi. Joriy boshlanadigan yangi o‘quv yilida ham yana qo‘shimcha 58 ta majburiy guruhni tashkil etish va ularga kamida 1160 nafar 6 yoshli bolalarni bepul qamrab olish belgilangan.
– bugungi kunda Nurota, Navbahor, Konimex, Xatirchi tumanlarining qamrov darajasi past, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan chekka qishloqlarida maxsus tayyorlangan va jihozlangan 9 ta ikki sotixli mobil maydonchalarda 20 ta guruh tashkil etilgan, – deydi O‘.Tillayev. – Har bir hududda maxsus jihozlangan avtobuslar orqali jami 318 nafar 3-7 yoshli bolalarga bepul ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlab kelinmoqda. Shuningdek, viloyatda bog‘cha yoshidagi imkoniyati cheklangan bolalarni ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish va ularni sog‘lom tengdoshlari qatorida sifatli bepul ta’lim-tarbiya olishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil boshida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan homiylik asosida qariyb 30 milliard so‘m mablag‘ evaziga barcha zarur shart-sharoitlarga ega 72 o‘rinli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi. Navoiy shahrida esa mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 3 milliard so‘m evaziga quvvati 110 o‘rinli 16-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘liq mukammal ta’mirlanmoqda.
Konferensiya doirasida tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va metodistlari guruhlarga bo‘lingan holda sho‘balardagi mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Tadbir so‘ngida tizimda samarali mehnat qilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan rahbar va pedagog kadrlar taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA