FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025 yil 24 iyundagi “Hududlarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish bo‘yicha “Mahalla bankiri” va “Yordamchi-agent”larning malakasini oshirish yuzasidan o‘quv-amaliy seminarni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda qator tadbirlar, davra suhbatlari va o‘quv-seminarlari tashkil etilib kelinmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi mas’ullari ishtirokida yuqori saviyada tashkil etildi. Jarayonda, Konimex, Xatirchi, Nurota, Qiziltepa, Karmana tumanlari hamda G‘ozg‘on va Navoiy shaharlarida o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarida mahallalariga biriktirilgan “Mahalla bankiri” va “Yordamchi-agent”larga Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasining Bank xizmatlari iste’molchilari huquqini himoya qilish, moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish sho‘’basi mas’ul xodimlari tomonidan mavzu yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Seminarlarda “Mahalla bankiri” va “Yordamchi-agent”lar orqali aholiga bank xizmatlarini targ‘ib qilish, hisob raqam ochish, kartalar, omonat, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, aholi jamg‘armasini saqlash usullari bo‘yicha taqdim etilgan ma’ruzalar interfaol usullarda olib borildi.
[gallery-25104]
Shuningdek, yangi mijozlarni jalb qilish va ularda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishning muhim omillari, kredit olish tartiblari hamda undan maqsadli foydalanishdagi ustuvorlik, qarz yuki, raqamli bank xizmatlari: mobil ilovalar, onlayn xizmatlardan foydalanishda kiberxavfsizlik (firibgarlik) masalalarini aholiga to‘liq va sifatli yetkazish borasidagi ishlarini yanada jadallashtirish, kundalik ish faoliyatlarini to‘g‘ri tartibga solish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Bu kabi o‘quv-seminarlari “Mahalla bankirlari” va “Yordamchi-agent”larning moliyaviy savodxonligini oshirishda hamda ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarni aholiga oddiy, sodda usulda yetkazishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA