Navoiy viloyat Bolalar kutubxonasi tomonidan “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da o‘quvchilarni kitobga, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, oilaviy kitobxonlik muhitini yaratish, ona Vatanga munosib farzand bo‘lish hissini uyg‘otish maqsadida “Kitobxonlik festivali” o‘tkazildi.
Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan Bolalar kutubxonasi direktorlari, kitobxonlik tanlovlari viloyat bosqichi g‘oliblari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbir Navoiy viloyat “Barkamol avlod” maktabi hamda viloyat Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasini tomosha qilish bilan boshlandi.

Festival ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish” bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus doirasida belgilangan tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida respublikaning barcha viloyat Bolalar kutubxonalari tomonidan o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik festivali”ning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, Navoiy viloyatining barcha umumta’lim maktablarida “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etilib, haftalik doirasida o‘quvchilar o‘rtasida kitoblar ko‘rgazmasi, yangi kitoblar taqdimoti, tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar, viktorinalar, kitob yarmarkalari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda barcha maktab jamoalari va kutubxonachilari, o‘quvchilar va ota-onalar faol ishtirok etdi. O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ta’lim muassasalaridagi kitobxon o‘quvchilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida turli kitobxonlik tanlovlari tashkil etilib, 5000 nafarga yaqin o‘quvchilar qamrab olindi.

Festival doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi. Jumladan, “Eng yaxshi maktab kutubxonachisi” tanlovi viloyat bosqichida Karmana tumanidagi 18-umumta’li maktabi kutubxonachisi Sanobar Hayitova, “Navoiy izdoshlari” tanlovida Zarafshon shahridagi 9-umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi Aziza Ibrohimova, “Men va bobom kitobxon oila” tanlovida Zarafshon shahridan Muhammadiyevlar oilasi, “Temurbek avlodiman” tanlovida Karmana tumanidagi 28-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Shamshod G‘oyibov, “Eng yosh kitobxon o‘quvchi” tanlovida Karmana tumanidagi 30-umumta’li maktabi 2-sinf o‘quvchisi Sevinch Aliqulova faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Kitob o‘qigan kishining ma’naviyati yuksalib, dunyoqarashi, fikrlashi kengayib boraveradi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri Sanobar Hayitova. – Bilamizki, kitob inson qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim o‘ringa ega. Maktabimiz kutubxonasida kitobxonlar uchun barcha sharoitlar bor. Yildan-yilga kitob o‘qiydigan o‘quvchilar soni oshib bormoqda.

Kunda, kun ora o‘quvchilar yangi-yangi kitoblar so‘rab keladi. Imkon qadar ularning istaklarini qondirishga, so‘ragan kitoblarini topib berishga harakat qilaman. Kutubxonamizda yo‘q kitoblarni tumanimiz markazida joylashgan viloyat Bolalar kutubxonasida bor-yo‘qligini so‘rab, o‘quvchilarimni shu kutubxonaga yo‘naltiraman. Qolaversa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning badiiy adabiyotga qiziqishini oshirish maqsadida “Kutubxona ma’naviyat maskani”, “Baxtli bolalik va saodatli umrning kafolati”, “Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor”, “Kitoblar bayrami” doirasida “Kitob – o‘qib qadrlanadi”, “Eng faol kitobxon”, “Eng faol kitobxon oila”, “Eng faol kitobxon rahbar” kabi tadbirlar o‘tkazib turaman.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, festivalda faol ishtirok etgan bir guruh o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA