Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Kasaba uyushmalari kuni” keng nishonlandi
15:36 / 2025-11-06

Navoiy shahridagi “Mumtoz” tantanalar maskanida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda sohalarda faoliyat olib borayotgan har bir xodimni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 

Qayd etilganidek, kasaba uyushmalari faoliyatiga doir huquqiy asos yildan yilga takomillashtirilmoqda. 2019 yil 6 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi esa kasaba uyushmalari hayotidagi eng muhim voqea bo‘ldi. 

Ta’kidlash o‘rinliki, ijtimoiy mehnat munosabatlariga oid qonunlarning aksariyatida davlat organlari tomonidan Federatsiyaga kelishish uchun taqdim etilgan mingdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan, yangi mehnat kodeksida ham kasaba uyushmalari takliflari o‘z aksini topgan. 

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 1600 dan ziyod boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyat ko‘rsatib, ularda 300 mingga yaqin ishchi-xodim kasaba uyushmasi a’zolari hisoblanadi.

So‘nggi yillarda viloyatda mehnat munosabatlarini sog‘lomlashtirish, ish joylarida xavfsiz va munosib sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ishchi va xizmatchilarning mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish darajasi 97 foizga yetgan bo‘lsa, ayollar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus dasturlar qabul qilingan.

Navoiy viloyatidagi yirik sanoat korxonalarida “Mehnat muhiti – inson qadri” tashabbusi asosida kasaba uyushmalari, mahalliy hokimiyat va ish beruvchilar hamkorligida 60 dan ortiq ijtimoiy himoya loyihalari amalga oshirildi. Ular orqali minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilanyapti.

– Bundan besh yil oldin viloyatdagi 3666 ta korxona va muassasalarning 237 ming nafar xodimlari jamoa-shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugunga kelib qamrov 4101 ta korxona va tashkilotlarda ishlovchi 343 ming nafarga yetkazildi, – deydi Federatsiyasining viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Viloyatda 195 ta korxona va tashkilotda mehnatni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazorati o‘tkazilib, aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan kasaba uyushmalari tomonidan ish beruvchilarga 117 ta ko‘rsatma kiritilib, to‘liq bartaraf etilishiga erishildi. Korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan jamoa shartnomalarida ko‘zda tutilgan mehnatni muhofaza qilish tadbirlarini bajarish uchun 2020 yilda 41,7 milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 93 milliard so‘mni tashkil qilmoqda. 

Bugun sog‘lom avlodni tarbiyalash, bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishda kasaba uyushmalarining alohida o‘rni bor. So‘nggi besh yilda yoz mavsumi davomida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish borasida 11 ta shahardan tashqaridagi oromgohlarda 85 ming nafardan ortiq bola sog‘lomlashtirildi.

[gallery-26103]

Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan Xatirchi tumani “Langar” qishlog‘ida 200 nafar bolani dam oldirishga mo‘ljallangan oromgoh qurilishi ishlari boshlab yuborildi.

Tadbirda kasaba uyushmalari tizimida mehnat qilayotgan bir guruh faollarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni, fahriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari