So‘nggi yillarda Navoiy viloyatida ham aholini kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlash masalasi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Ayniqsa, mavjud infratuzilmaning eskirishi, energiya yo‘qotishlarining yuqoriligi hamda aholi sonining o‘sishi issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yangilashni taqozo etmoqda. Shu bois Navoiy viloyati “Issiqlik ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tizimli va bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida jamiyat tomonidan 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, issiqlik tarmoqlari hamda asosiy texnologik uskunalarning texnik holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Rejada 16 kilometr issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash belgilangan bo‘lsa-da, amaliy ishlar natijasida ushbu ko‘rsatkich 17,9 kilometrga yetkazildi. Shuningdek, 33 dona qozon va 79 dona nasos uskunalari ta’mirlanib, to‘liq ishchi holatga keltirildi.

– Amalga oshirilgan ishlar hududlar kesimida ham aniq natijalarni bermoqda, – deydi MCHJ direktori Anvar Bo‘riyev. – Jumladan, Navoiy, Zarafshon va Uchquduq shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘onida issiqlik tarmoqlari bosqichma-bosqich ta’mirlanib, aholini issiqlik bilan ta’minlashdagi texnik uzilishlar xavfi sezilarli darajada kamaytirildi. Ayniqsa, mavsum avvalida bajarilgan joriy va mukammal ta’mirlash ishlari tizim barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Mazkur chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining 2024 yil 12 dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bilan uzviy bog‘liq. Ushbu qaror asosida 2025-2028 yillarda Navoiy viloyatida jami 113 kilometr issiqlik tarmoqlarini almashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2025 yil uchun belgilangan ishlar doirasida qariyb 29 kilometr tarmoq yangilanishi ko‘zda tutilgan edi. Amalda esa ushbu rejaning salmoqli qismi bajarilib, 21 kilometr issiqlik tarmoqlarida quvurlar to‘liq almashtirildi. Bu, avvalo, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026 yilda Navoiy, Zarafshon va Uchquduq shaharlarida jami 40 kilometrdan ortiq issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish belgilangan. Bundan tashqari, 2026-2030 yillar davomida issiqlik ta’minoti sohasida umumiy qiymati 378 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘lar yangi issiqlik tarmoqlari va qozonxonalar qurish, mavjud tizimlarni modernizatsiya qilish hamda energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltiriladi.
Jumladan, 2026 yilda Zarafshon shahrining 13-, 14- va 19-kichik tumanlarida qurilayotgan yangi uy-joy massivlarini issiqlik bilan ta’minlash maqsadida 20 kilometr issiqlik tarmoqlari hamda 1 dona qozonxona quriladi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 8,9 milliard so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, Uchquduq shahridagi markaziy suv isitish qozonxonasiga qarashli 40 kilometr issiqlik tarmoqlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, “Issiqlik ta’minoti” MCHJ uchun jami 99,2 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratilib, uning 11 milliard so‘mi qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining energiya samaradorligini oshirishga, 88,2 milliard so‘mi esa 293 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish ishlariga yo‘naltiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, individual issiqlik punktlarini o‘rnatishga qaratilgan loyihalar aholining issiqlik ta’minotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Bu orqali iste’molchilarda issiqlikni boshqarish imkoniyati kengayib, ortiqcha sarf-xarajatlar qisqaradi.
Xullas, Navoiy viloyatida issiqlik ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki kelgusida barqaror, zamonaviy va energiya tejamkor tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa aholi turmush sifati oshishi, kuz-qish mavsumlarida ijtimoiy barqarorlik ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri