Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda ilk bor “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
15:01 / 2026-01-22

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Xususiy bandlik agentliklari federatsiyasi hamkorligida “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan  Workmall, Getwork, Worldbridge, Horizon Work, Bestwill, International Migration Line, Jobbridge, Mirpower, Interwork va The Best Staff kabi o‘ndan ortiq xususiy bandlik agentliklari ishtirok etdi. Ushbu agentliklar tomonidan fuqarolarimizga xorijiy davlatlarda qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi yuqori maoshli ish o‘rinlari taklif etildi.

– Hozirgi vaqtda dunyo mehnat bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan, malaka va bilim eng muhim kapitalga aylangan bir sharoitda yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, fuqarolar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, shu jumladan, mehnat migratsiyasini tartibga solish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan, – deydi Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filiali boshlig‘i Ismat Boltayev. – Bugun tashkil etilgan mehnat yarmarkasi viloyat aholisi, ayniqsa xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu yarmarkalar fuqarolarga qonuniy, xavfsiz va kafolatlangan mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. E’tiborli jihati shundaki, taklif etilayotgan barcha ish o‘rinlari rasmiy mehnat shartnomalari, qonuniy vizalar va ruxsatnomalar, ijtimoiy himoya hamda mehnat huquqlari kafolatlari asosida amalga oshiriladi. Bu esa fuqarolarimizning xavfsiz va barqaror mehnat faoliyatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

[gallery-27246]

Yarmarkada 1,5 ming nafardan ziyod fuqaro ishtirok etib, ularga xususiy bandlik agentliklari mutaxassislari tomonidan xorijda ishlash shartlari, mehnat shartnomalari, viza va ruxsatnomalar, ish haqi, ijtimoiy kafolatlar hamda xavfsizlik masalalari yuzasidan aniq hamda ishonchli ma’lumotlar taqdim etildi. 

Yakunda 1117 nafar fuqaro xorijda vaqtinchalik mehnat qilish istagini bildirib, ro‘yxatdan o‘tdi. 

“Xorijda ish” mehnat yarmarkasi Xatirchi tumanida ham o‘tkazildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari