Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Navoiy davlat konchilik instituti olimlari hamkorligida Qiziltepa tumani «Oqtosh» MFY hududida joylashgan «Qiziltepa beton qurilish montaj servis» MCHJda mahalliylashtirish hisobidan ishlab chiqarish korxonalari uchun gaz-chang tozalash uskunasining 1-loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanoat korxonalarida gaz-chang moslamalari samaradorligini 90 foizga qadar yetkazish ustuvor vazifa etib belgilangan. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, Navoiy viloyatida bugun 12 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ekt va 19 ta birinchi toifali korxona faoliyat yuritib, ular tomonidan yiliga atmosferaga 147 ming tonnaga yaqin ifloslantiruvchi moddalar tashlanar ekan.
NDKI ilmiy va konstruktorlik salohiyati bilan yaratilgan mazkur qurilma loyihasi aynan qiziltepalik tadbirkor tomonidan moliyalashtirildi.
– Joriy yilning yanvar oyida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda viloyatimizdagi 206 ta sanoat korxonasi, jumladan, g‘isht, ohak va asfalt ishlab chiqaruvchi korxonalarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda ularning 47 tasida gaz-chang tozalash moslamalarining mavjud emasligi, aksariyat korxonalarda esa ushbu moslamalar talabga javob bermasligi aniqlandi, – deydi Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xayrullo Baqoyev.
– Shularni inobatga olgan holda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ilmiy-texnik Kengashi hamda Navoiy davlat konchilik institutining olim va ilmiy mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqarish va ekspluatatsiyada qulay gaz-chang qurilmalarini mahalliylashtirishga erishdik.
Ta’kidlash joiz, moslama xorijdan keltirilayotgan muqobiliga nisbatan arzonligi bilan birga, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar, ko‘mir qurumini 92 foizga qadar tutib qolish imkoniyatini ko‘rsatdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA