Ayni kunlarda Navoiy viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imi ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Joriy yilda viloyatda 867 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 94 ming 27 tonna hosil yig‘ishtirib olish maqsadida 34 ming 300 gektar yer maydoniga boshoqli don ekilgan edi.
Dastlab hududlarda boshoqli donlarni nest-nobud qilmasdan sifatli o‘rib olish va g‘allani don qabul qilish korxonalariga yetkazib berishni talab darajasida tashkil etish maqsadida seminarlar tashkil etildi. Ularda mazkur jarayonni belgilangan tartibda, betalafot o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– G‘alla parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlar, jumladan, mahalliy va mineral o‘g‘it bilan oziqlantirish, sug‘orish ishlari belgilangan talablar asosida olib borildi. O‘rim mavsumi boshlanish avvalida seminar tashkil etilib, barcha vazifalar belgilab olindi, – deydi viloyat g‘alla o‘rim shtabi boshlig‘i Jahongir Boliyev. – Joriy yilda o‘rim mavsumiga 115 ta kombayn jalb etilgan bo‘lib, ularning texnik holati qat’iy nazoratga olingan. Viloyatimizdagi mavjud donni qabul qilish shoxobchalarida avtomobil tarozi, laboratoriya, ochiq maydon, yopiq sig‘imlari tayyorgarligi shay holatga keltirilgan va mavsum so‘nggigacha belgilangan tartibda faoliyat olib boradi.

Joriy yilda Navbahor tumanida 7750 gektar maydonga don ekilgan bo‘lib, fermer xo‘jaliklari bilan 22097 tonna don yig‘ishtirib olish bo‘yicha shartnomaviy reja tuzilgan. Hozirda “Kelachi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan fermer xo‘jaliklari dalalarida o‘rim-yig‘im jarayoni ketmoqda.
– O‘tgan yili kuzda 27 gektar maydonga boshoqli don ekkan edik, – deydi “Nozimjon Azizbek” fermer xo‘jaligi rahbari Nozimjon Rabbimqulov. – Agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazganligimiz bois qilingan mehnatimiz besamar ketmadi. Dalalarimizda mo‘l hosil yetishtirilgan. Hozircha gektaridan o‘rtacha 70 sentnerdan hosil olmoqdamiz. Hali dalalarda o‘rilmagan g‘allazorlarimiz bor. Ularning hisobiga hosildorlik yanada oshadi va daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.

Ayni shu kunlarda qishning qahratoni-yu, bahorning seryog‘in kunlariga qaramasdan mehnat qilgan g‘allakorlar bir lahza bo‘lsa-da o‘rim-yig‘im ishlarini susaytirgani yo‘q. Hozirda viloyatda 420 ga yaqin fermer xo‘jaliklarida g‘alla o‘rim-yig‘imi ishlari davom etmoqda. Ularning 170 dan ortig‘i belgilangan shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi.
G‘allakor fermerlarning maqsadi aniq: dalalarda yetishtirilgan hosilning bir misqolini ham qoldirmasdan yig‘ishtirib olib, el dasturxoniga yetkazib berish. Ular yaxshi bilishadi: bugungi mashaqqatli mehnat ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligi uchun xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri