Navoiy viloyatida “Fevral oyi – yoshlar bandligini ta’minlash oyligi”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Joriy yilning 27 yanvar kuni Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning fevral oyi viloyatda “Yoshlar bandligini ta’minlash oyligi”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan oylik doirasida barcha shahar-tumanlarda tashkil etiladigan loyihalarni qamrab olgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Yashin Dushanov va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Xodjayev oylik doirasida amalga oshiriladigan loyihalar mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumot berishdi.
Jumladan, oylik doirasida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlarni beshta tashabbus doirasidagi yo‘nalishlarga jalb qilish, ularni ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yoshlarni qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish kabi 4 ta yo‘nalishda har bir sektor hududidan 3tadan, jami 132 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida turli tadbir va loyihalar tashkil etiladi va qariyib 20 ming nafarga yaqin yosh qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, sektor rahbarlari tomonidan har bir sektor kesimida 1 tadan 44 ta mahallada “Har bir tadbirkor yoshlarga madadkor” shiori ostida 1461 nafar tadbirkorga 4413 nafar yosh biriktirilib, ularning bandligi ta’minlanadi. Shu bilan birga, yer so‘rab murojaat qilgan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, “Fermerlar yoshlarga madadkor” shiori ostida yarim gektardan bir gektargacha yer ajratilishi rejalashtirilgan va asoslantiruvchi hujjat sifatida Fermerlar Kengashi – fermer – yoshlar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish belgilangan.
Hududlardagi sektorlar rahbarlari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagi bor yoshlar bilan uchrashib, tijorat banklari tomonidan ularning loyiha va takliflarini o‘rganib chiqishlarini ta’minlaydilar. Shuningdek, oylik davomida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun “Talabalar festivali”, “Mahallada jonli ijro”, “Mahallamiz iste’dodlari e’tiborda”, “Kitobxon oila”, “Eng tez o‘quvchi kitobxon” kabi ma’rifiy tadbirlar, turli sport musobaqalari va “Yoshlar siyosati amalda”, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkaziladi.
100 nafar profilaktik hisobda turgan va uyushmagan yoshlarning joriy yilning 15-21 fevral kunlari “Kattaqo‘rg‘on” okrug poligonida “Yosh harbiy vatanparvarlar” shiori ostida tashkil etiladigan ma’naviy-ma’rifiy va jangovor tayyorgarlik bo‘yicha o‘qitilishi ularni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.
Anjuman doirasida jurnalistlar, OAVlari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Abduvali BO‘RIEV,
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA