O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi doirasida Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan Xatirchi va Navbahor tumanlarida fermerlar huquqlarini himoya qilish borasida olib borilgan tahlillar natijasida bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ undirib berildi.
Xatirchi tumanida paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashtirilgan 72 fermer xo‘jaligi paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymati to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2018 yil 1 apreldan boshlab fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi elektr energiyasi iste’molini hisobga olish uskunalari bilan ta’minlangan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymati davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi qayd etilgan, – deydi Xatirchi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Zafar Nasimov. – Fermerlar murojaatiga asosan mazkur qaror ijrosi o‘rganilganda, viloyat moliya Bosh boshqarmasi tomonidan hujjat talablari ijrosi ta’minlanmaganligi aniqlandi. Ularga 800 million so‘mga yaqin pul mablag‘lari to‘lab berilmagan.
Shuningdek, mazkur qaror ijrosi Navbahor tumanida ham to‘liq amalga oshirilmagan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumandagi 40 ga yaqin fermer xo‘jaliklariga 200 million so‘m atrofida pul mablag‘lari to‘lanmagan.
Natijada Xatirchi va Navbahor tumanlari adliya bo‘limlari tomonidan fermerlar manfaatida sudga kiritilgan da’vo arizalari qanoatlantirilib, yer egalariga jami bir milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari undirib berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA