Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda fan olimpiadasining ba’zi fanlar bo‘yicha yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
14:44 / 2021-05-22

Navoiy viloyatida 11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida qoraqalpoq tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, rus tili (ta’lim o‘zbek va qardosh tillarida), qozoq tili fanlari bo‘yicha fan olimpiadasining respublika bosqichiga start berildi.

Ikki kun davom etadigan olimpiadada jami 83 nafar o‘quvchi, jumladan, qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan 6, rus tili va adabiyotidan 30, rus tili (ta’lim o‘zbek va qardosh tillarida)dan 35, qozoq tilidan 12 o‘quvchi ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar dastlab Navoiy shahar markazida qad rostlagan so‘z mulkining sultoni, buyuk bobokalonimiz Hazrat Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, hurmat-ehtirom ko‘rsatdi.

Bellashuvning tantanali ochilish marosimi “Yoshlar markazi”da tashkil etilib, unda so‘z olganlar yurtimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarimizga yaratib berilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.

– Olimpiada 2 bosqichda – yozma va test shaklida o‘tkaziladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Jo‘rayev. – Fan olimpiadasini adolat prinsiplari va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazish ta’minlanmoqda. Olimpiada o‘tkaziladigan har bir o‘quv xonasida videokuzatuv moslamalari mavjud bo‘lib, ota-onalar uchun olimpiada jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri (onlayn) videokuzatuv moslamalari orqali kuzatish imkoniyati yaratildi. Barcha fanlar bo‘yicha hakamlar hay’ati va apellyatsiya komissiyasi a’zolari tarkibiga tajribali o‘qituvchilar jalb etildi.

Fan olimpiadalarining topshiriqlari (yozma ish va test) malakali mutaxassislar jalb etilgan holda tayyorlandi. Olimpiada topshiriqlari maxfiyligi ta’minlanib, mas’ullar orqali elektron variantda himoyalangan (maxsus kod) holda olimpiada boshlanishidan bir soat avval joylarga yetkaziladi. Olimpiada topshiriqlari esa joylarda hakamlar hay’ati tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.

Navoiy - Qorko‘l maktab internatida bo‘lib o‘tayotgan olimpiadaning birinchi kunida o‘quvchilar o‘z bilimlarini yozma ish shaklida (insho yozish) sinovdan o‘tkazsa, ikkinchi kunida ular Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan test sinovidan o‘tadi.

Ishtirokchilar Nurota tumanining diqqatga sazovor joylariga sayohat qiladi va turli ko‘ngilochar uchrashuvlarda ishtirok etadi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (foto), O‘zA