Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
07:40 / 2022-09-02

FOTOREPORTAJ

Mustaqillik – buyuk ne’mat. Uning mazmun-mohiyati va qadrini teran anglash va anglatish har bir kishining zimmasidagi muqaddas burch. Shu ma’noda, mazkur shonli sana mohiyatini keng targ‘ib etishda ayniqsa, ijodkorlar, xususan jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, rassomlar, kino san’ati vakillari millatning peshqadami ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Zero, mustaqillik bu nafaqat insonning moddiy, balki ma’naviy pokligi va erkinligini ifoda etuvchi teran tushuncha.

Yurtimizda har yili Mustaqillik bayrami arafasida jurnalist va ijodkorlar orasida “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Joriy yilda ham mamlakatimiz bo‘ylab Istiqlolimizning 31 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda ijodkorlar munosib taqdirlanmoqda.

Navoiy viloyatida ham mazkur tanlov viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat Matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida katta ko‘tarinkilikda tashkil etilib, bir guruh faol ijodkorlar mehnati alohida e’tirof etildi.

Bu yil tanlovga 50 ga yaqin ijodkorning 100 dan ziyod ijodiy ishi qabul qilindi. Tanlov hay’ati xulosasiga ko‘ra, 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 nafardan, jami 18 g‘olib aniqlandi.

G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi Navoiy shahridagi “Yoshlar media markazi”da o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda bir guruh ustoz ijodkorlar so‘zga chiqdi va bugungi matbuot sohasidagi islohotlar xususida so‘z yuritdi.

[gallery-8617]

Natijalarga ko‘ra, tanlovga joriy yilda kiritilgan yangi – “Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik asarlar” yo‘nalishida birinchi darajali diplom “Armonning bunchalar rangi ko‘p...” kitobi uchun faxriy jurnalist Salima Umarovaga taqdim qilindi.

“Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishi bo‘yicha esa “Salomatlik” gazetasi muharriri Ibrohim Jumayev birinchi o‘ringa loyiq topilgan bo‘lsa, “Televideniye va radio ijodkorlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishida esa yosh ijodkor, “O‘zbekiston-24” telekanalining viloyat bo‘yicha muxbiri Timur Baybikov birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

“Internet-jurnalistika” yo‘nalishi bo‘yicha “Uchquduq-24” internet nashrining muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Laylo Karimova, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” yo‘nalishida O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Navoiy viloyati bo‘yicha fotomuxbiri Siroj Aslonov, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” yo‘nalishi bo‘yicha esa “Shayx va sarxush” asari muallifi, yosh nosir Ozod Mustafoyev eng yuqori o‘rinlarga loyiq ko‘rildi.

Shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga ham tashkiliy qo‘mitaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Qayd etish kerak, “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining har yili Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilishida ham katta ramziy ma’no mujassam. Zero, mamlakatimiz taraqqiyotida barcha sohalar qatori ijodkorlarning ham munosib o‘rni bor. Har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarining bardavomligi esa ijod ahlini yanada kuch-g‘ayrat bilan qalam tebratishga undaydi.

Siroj ASLONOV (surat), O‘zA