French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda energiya tejamkor gaz uskunalari o‘rnatilmoqda
11:06 / 2023-10-25

Bugungi kunda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi gaz ta’minoti sohasida ham tejamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Xonadonlarga o‘rnatilayotgan energiya tejamkor gaz uskunalari va yondirgichlari tabiiy gazni iqtisod qilish bilan birga oilaviy byudjetga foydali bo‘layotgani amaliyotda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (ma’nan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi va xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan ham ma’nan eskirgan gaz uskunalarini yangi va zamonaviysiga almashtirish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 22 ming 889 ta ma’nan eskirgan gaz uskunasi energiya tejamkor yondirgichlariga almashtirilgan bo‘lsa, birgina sentyabr oyida viloyat bo‘yicha aholi xonadonlariga 3 ming 26 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunasi o‘rnatildi.

– Energiya tejamkor gaz uskunalaridan foydalanilganda iste’molchi 30-40 foiz gazni tejash imkoniga ega bo‘ladi. Bu boradagi targ‘ibot tadbirlarida mahallalarda tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, – deydi “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi uy ichi gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatish bo‘lim boshlig‘i Ravshan Egamov. – Bugungi kunda tumanimiz bo‘yicha 28 ming 760 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, 9 oy mobaynida 9 ming 836 ta energiya tejamkor gaz uskunasi o‘rnatilgan.

Albatta, aholi o‘rtasida energiya tejamkor gaz uskunalarining afzalligi va uning xavfsizligi yuzasidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari o‘z samarasini bermoqda. Nurota tumanida tabiiy gaz iste’molchilari soni 7 ming 677 tani tashkil etadi. Ibn Sino mahallasida esa 531 ta tabiiy gaz iste’molchisi istiqomat qiladi. Tizim mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida zamonaviy gaz yondirgichlarning iqtisodiy afzalligi aniq misollar bilan tushuntirib berilmoqda.

– Tumangaz idorasi xodimlarining zamonaviy gaz yondirgichlarining qulayligi haqida mahallamizda olib borgan targ‘ibot ishlaridan keyin menda ham ushbu gaz uskunalariga nisbatan qiziqish ortdi, – deydi iste’molchi Nosir Idiyev. – Uskunalarning xavfsiz va hamyonbopligi bizga ma’qul tushyapti. Ilgari tabiiy gaz sarfi uchun 500-800 minggacha to‘lov qilardik. Endi esa energotejamkor gaz yondirgichlari gaz sarfini kamaytirishi hisobiga 200-300 ming atrofida tabiiy gazga to‘lovni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘ni-qo‘shnilarimizda ham zamonaviy uskunalarga qiziqish yuqori. Ular ham ma’nan eskirgan gaz uskunalarini yangisiga almashtirishni rejalashtirib turibdi.

Nurota tumanida joriy yilning o‘tgan sentyabr oyida 156 ta, yil boshidan buyon esa 1380 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatildi.

– Ma’lumki, kuz-qish mavsumida aholining tabiiy gazga nisbatan ehtiyoji yanada ortadi, – deydi “Nurotatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi Rahimqul Sattorov. – Shundan kelib chiqib, gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, har jihatdan moliyaviy qulay va xavfsiz bo‘lgan zamonaviy gaz yondirgichlarni o‘rnatish bo‘yicha mahallalarda tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Shuningdek, tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga oid eslatmalar tarqatilyapti. Joriy yilning shu davriga qadar 5,5 mingtaga yaqin shunday eslatmalar tarqatildi.

Qiziltepa tumanida ham gaz ta’minoti idorasi xodimlari aholi va ulgurji iste’molchilar bilan energiya tejamkor gaz uskunalarining afzal jihatlari yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazishmoqda.

Bugungi kunda tumanda 21 ming nafarga yaqin gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, 1894 ta ma’nan eskirgan, nostandart gaz uskunalari zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirildi.

– Mahallamizda 300 nafardan ortiq tabiiy gaz iste’molchisi istiqomat qiladi, – deydi Gulzor mahallasida yashovchi Ra’no Uzoqova. – O‘tgan yili eskirgan gaz yondirgichlarini yangi, zamonaviy gaz uskunalariga almashtirgandik. Juda xursandmiz. Gazga kam pul to‘layapmiz, yana avtomatik ravishda zamonaviy yondirgichning o‘chishi, is gazi sizib chiqmasligi ham bizga ma’qul keldi. Xavfsizlik tomonidan ham ko‘nglimiz xotirjam.

Joriy yil oxiriga qadar tumanda aholi xonadonlarida 938 ta, ulgurji iste’molchilarda esa 84 ta ma’nan eskirgan uskunani zamonaviy gaz yondirgichlarga almashtirish rejalashtirilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri