Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mutaxassislari hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi I va II toifali korxonalar, shuningdek, ohak pishirish xumdonlari faoliyati bo‘yicha keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borildi.
Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasining ekologik talablarga zid faoliyat yuritayotgani aniqlanib, qaror asosida ularning ishini to‘xtatish choralari ko‘rildi. Shuningdek, 25 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 22 ta korxona yoki sex faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Ulardan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirildi.
Xususan, 23 sentyabr kuni Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan “Navoiyazot” AJning 23-sexi (ammiak ishlab chiqarish) faoliyatini vaqtincha to‘xtatish qarori kuchda qoldirildi. Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan “Sogda Kimyo Zavod” " MCHJga qarashli uchta sex faoliyatiga ham sud qaroriga asosan vaqtincha chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, reyd davomida jami 92 ta noqonuniy, qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida butunlay buzib tashlandi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA