Keyingi yillarda Navoiy shahri haqiqiy qurilishlar maydoniga aylandi. Yangi Navoiy shaharchasi loyihasi doirasida barpo etilayotgan bino-inshootlar, yo‘l va infratuzilma ob’ektlari shahar kelajagiga xizmat qilishi shubhasiz. Ammo har qanday qurilish faoliyati tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatishi, atrof-muhit bilan bog‘liq qator muammolarni yuzaga keltirishi ham ma’lum. Shu bois qurilish jarayonida ekologik me’yorlarga amal qilish nafaqat qonun talabi, balki jamiyat oldidagi muhim majburiyatdir.
Aynan shu maqsadda Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, shaharning turli hududlaridagi qurilish maydonlarida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar qurilish kompaniyalarining atrof-muhitni muhofaza qilishga oid talablarga qay darajada amal qilayotganini ko‘rsatib bermoqda.

Tekshiruvlar davomida ayrim qurilish kompaniyalari ekologik talablarga to‘liq rioya etmayotgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, “Navoiy melioratsiya” MCHJga qarashli maydonda tabiiy muhitni tiklash, zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish va tabiiy resurslarni qayta hosil qilish ishlari olib borilmayotgani aniqlandi. Ekologiya me’yorlarining bu tarzda buzilishi hududning ekologik barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi, keyinchalik katta miqdordagi tiklash xarajatlarini talab qilishi mumkin. Aniqlangan holat yuzasidan korxonaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 95-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, materiallar sudga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

O‘rganishlar davomida “New Times Buildings” MCHJda ham atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalari buzilgani qayd etildi. Qurilish maydonida changlanish, chiqindilarning noto‘g‘ri boshqarilishi yoki texnik vositalarning filtrsiz ishlatilishi aholi salomatligi va shahar havosining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mazkur qoidabuzarlik uchun korxonaga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 85-moddasi 1-qismi asosida bayonnoma tuzilib, jarima belgilandi.

Ekologik talablarning buzilishi nafaqat atrof-muhit holatiga, balki aholining kundalik turmushiga ham ta’sir etadi. Chang va zararli moddalarning ko‘payishi nafas yo‘llari kasalliklarining ortishiga olib kelishi mumkin. Shu boisdan qurilish jarayonida ekologik nazoratning talab darajasida yo‘lga qo‘yilishi mustahkam qonun talablari bilan birga, umumiy jamoat manfaatlarini himoya qilishning muhim vositasi hisoblanadi.

Navoiy shahridagi ekologik nazorat reydlari qurilish sohasida hali hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar borligini ko‘rsatdi. Qonun talablariga amal qilish ish beruvchining majburiyati, aholi va tabiat manfaatlarini himoya qilish esa davlat va jamiyatning umumiy vazifasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri