Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda “Ayollar daftari” ga kiritilgan 12 827 nafar xotin-qiz muammosi qanday hal etiladi?
18:36 / 2021-02-14

Ayol – ulug‘ zot.

Mo‘’tabar ayol xonadoniga qut-baraka ulashish bilan birga, butun mehrini oilasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlariga, qaynota-yu qaynonasi, yaqin insonlariga baxshida etadi. Mol-hol, qozon-tovoq, kir-chir, bozor-o‘char, қўйинг­ки, oilaning mingta tashvishi bo‘lsa, hammasini o‘z zimmasiga oladi. Bir zum ham tinim bilmaydi.

Eng muhimi, ayol zoti hech qachon hayotidan nolimaydi. Balki o‘tgan har bir kuniga shukur qilib yashaydi. Baxti, oilasi tinchligi, o‘g‘il-qizlari kamoli, dasturxoni to‘kinligini umrining bezagi va baxti, deb biladi.

Mamlakatimizda yil sayin ayollarimizga bo‘lgan e’tibor oshib bormoqda. Bugun qaysi bir sohani olib qaramang, albatta, unda onalarimiz, opalarimiz va singillarimiz mehnat qilishmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish, hayoti va faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish asosiy masalalardan biriga aylandi. Bunda sektorlar kesimida yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari”ning o‘rni muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Navoiy viloyatida 12 827 nafar ayol mazkur daftarga kiritilgan bo‘lib, 2154 nafarining muammolari hal etildi. Ular boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bo‘lgan, noturar joyda istiqomat qilayotgan, qaramog‘ida bir va undan ortiq imkoniyati cheklangan farzandi bor xotin-qizlardir.

Joriy yilning yanvar oyi yakuni tahlillariga ko‘ra, 1299 nafar xotin-qiz kasb-hunar o‘rganish istagi borligini bildirgan bo‘lsa, 3016 nafari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishni, 402 nafari esa o‘z tomorqasidan unumli foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

– Hududlarimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yetarli zaxiralar mavjud, – dedi viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Ra’no Sherbo‘tayeva. – Bu xotin-qizlarni kichik hajmli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, kasanachilik va boshqa sohalarni yo‘lga qo‘yish orqali daromadlarni ko‘paytirishga zamin yaratadi. Asosiy e’tibor “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ijtimoiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalishda ish tizimli bir qator bosqichlarda amalga oshiriladi. Xususan, sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yig‘inlari xodimlari va faollari bilan birga barcha yo‘nalishdagi muammolar har yarim yilda bir marotaba – yarim yillik birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurish orqali shakllantiriladi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning murojaatlari va anketa-so‘rovnomalar orqali ham aniqlab boriladi.

Xotin-qizlarning aniqlangan muammolari sektorlar shtablari kotiblari va fuqarolar yig‘ini xodimlari tomonidan ularning shaxsiy individual anketalariga 3 kundan oshmagan muddatda kiritiladi, idora va tashkilotlarning ma’lumotlari bilan solishtiriladi. Shunga qarab, ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi aniqlanadi.

Mazkur masalalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvarda qabul qilingan “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topdi. Unga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Ushbu hujjatga asosan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda kreditlar ajratiladi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha, ya’ni 446 ming so‘mdan 892 ming so‘mgacha miqdorda bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin. Bir martalik yordam olgan xotin-qizlar “Ayollar daftari”dan chiqarilmagan yoki bir yil ichida qayta kiritilgan hollarda bu moddiy yordam bir kalendar yili davomida bir marotaba beriladi. Ushbu ro‘yxatga ikki va undan ortiq ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan xotin-qizlarning murojaatlari to‘liq hal etilgach, daftardan chiqariladi.

Albatta, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va bandligini ta’minlash bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri. Zero, ayollarni, onalarni asrab-avaylash bilan biz – kelajak avlod sanalgan o‘z zurriyodlarimizning sog‘lom o‘sishi, barkamol voyaga yetishini ta’minlagan bo‘lamiz.

Abduvali Bo‘riyev,

O‘zA