English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda an’anaviy xalqaro SCOPUS konferensiyasi bo‘lib o‘tdi (+video)
21:09 / 2025-05-05

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarning navbatdagisi – “GeoTech VI–2025: Geotexnologiya, konchilik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” mavzusidagi Scopus konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu nufuzli ilmiy anjuman konchilik, geotexnologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida olib borilayotgan ilg‘or tadqiqotlar va xalqaro tajriba almashinuvining muhim maydoniga aylanib bormoqda.  

Konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarusdan kelgan taniqli olimlar konchilik sanoatida raqamli texnologiyalarni joriy etish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, yer osti boyliklarini qazib olish jarayonida ekologik xavfsizlikni ta’minlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z ma’ruzalari va ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etdi.

– Kon-metallurgiya sohasida ekologik xavfsizlik asosiy masalalardan biri sanaladi, – deydi Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi fan va texnika uyi direktori, professor Igor Kovalev. – Konferensiyada ayni shu masalalar atroflicha muhokama qilindi, har bir mamlakatdan kelgan olim o‘z tajribalari yuzasidan taqdimotlar qilishdi. Shubhasiz, ekologiya – kompleks masala. Bu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik nafaqat davlatlar iqtisodiyoti, balki jamiyat hayoti uchun ham muhim.

[gallery-23170]

Anjumanda ilgari surilgan takliflar orasida konchilikda raqamli modellashtirish, sun’iy intellekt asosida xavfsizlik tizimlarini yaratish, innovatsion texnologiyalar orqali chiqindilarni kamaytirish kabi g‘oyalar alohida e’tiborni tortdi. Bundan tashqari, yoshlarga mo‘ljallangan ilmiy tanlovlar va tajriba almashish dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish rejalashtirildi.

– Konferensiyada aloqa tizimining ishonchliligi algoritmi mavzusida ma’ruza qildim, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti Muhiddin Ismoilov. – Tadbirda xalqaro miqyosdagi olimlar bilan birga o‘zim izlanayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha fikr almashdim. Ularning maslahatlari va tavsiyalarini oldim. Albatta, bu tavsiyalardan ilmiy ishimda foydalanaman.  

Qayd etish kerak, Navoiy shahrida har yili o‘tkazilayotgan kon-metallurgiya sanoatiga bag‘ishlangan “GeoTech” ilmiy-amaliy konferensiyasi soha taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan muhim ilmiy platformaga aylanib ulgurdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Eeyp4sPAM2o" title="Navoiyda an’anaviy xalqaro SCOPUS konferensiyasi bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari