English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda Alisher Navoiy tavalludi munosib nishonlanadi
12:26 / 2026-02-04

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimligi tomonidan buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligi vakillari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ijodkor ziyolilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir davomida sana munosabati bilan joylarda o‘tkaziladigan turli tadbirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish borasida so‘z yuritilib, Alisher Navoiyning boy adabiy-ma’naviy merosi, uning o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti, ma’rifat va ilm-fan ravnaqida tutgan o‘rni haqida atroflicha fikrlar bildirildi.

Qayd etilganidek, Alisher Navoiy nafaqat ulkan shoir, balki xalq manfaatlarini yuksak qo‘ygan davlat arbobi sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning asarlari orqali insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik va komil inson g‘oyalari keng targ‘ib etilgan bo‘lib, bu g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ayniqsa, Navoiy g‘azallari va dostonlarida ilgari surilgan g‘oyalar yosh avlod tarbiyasida muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Joriy yilda ham Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual bellashuvlar, g‘azalxonlik kechalari o‘tkazilishi belgilangan, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Rustam Hayitov. – Jumladan, maktab o‘quvchilari ishtirokida “Navoiy vorislari” nomli ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazilsa, barcha korxona va tashkilotlarda “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, viloyatdagi har bir umumta’lim maktabida “Alisher Navoiy sinfi” tashkil etilib, uning asarlari targ‘iboti yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Bugungi kunda Navoiy davlat universitetida “Alisher Navoiy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazda buyuk mutafakkir asarlari tadqiq etilib, tarjimalar qilinmoqda, kitoblar nashr etilmoqda. Alisher Navoiy asarlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan platforma yaratilib, ma’lumotlar joylanmoqda. Talabalar o‘rtasida chellenj tashkil etilib, har bir talaba kamida Navoiyning 3 ta g‘azalini yod olishi yuzasidan tashabbus ilgari surilgan. 

Tadbir doirasida Navoiy davlat universitetining faol talabalari tomonidan buyuk mutafakkir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan teatrlashgan sahna ko‘rinishi namoyish etilib, g‘azallaridan namunalar o‘qildi. 

Matbuot anjumanida OAV vakillari Alisher Navoiy tavalludini keng nishonlash yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari