Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan mahalliy davlat organlarida faoliyat yuritayotgan ayollar, deputatlar, siyosiy partiya, nodavlat notijorat tashkilot vakillari, otinoyilar va mahallalardagi faol xotin-qizlar ishtirokida “Oqila ayollar harakati faoliyatini rivojlantirishda NNTlar roli” mavzusida forum tashkil etildi.

Tadbir avvalida milliy qonunchiligimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tartib-tamoyillar, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar va adliya organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– bugungi kunda yurtimizda oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash borasida maqsadli ishlar boshlab yuborilgan, – deydi Adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Dildora Kattayeva. – Albatta, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida va Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oylik” huquqiy aksiyasi doirasida viloyatda sud, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, deputat ayollar, siyosiy partiyalarning “Ayollar qanoti” rahbarlari, tadbirkor va hunarmand ayollardan iborat “Oqila ayollar harakati” tashkil etildi.

Forumda “Oqila ayollar harakati” doirasida xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning masalalarini tahliliy o‘rganish, ularga huquqiy va ijtimoiy ko‘maklashish maqsadida “Adliya ayollar kengashi” tashkil etildi.

Tadbirda viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. “Durdona” etnografik folklor jamoasining badiiy chiqishlari esa yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Forum yakunida huquqiy targ‘ibot tabirlari va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar rag‘batlantirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA