Navoiy davlat pedagogika institutiga hujjat topshirgan abituriyent – Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabini tugatgan Dilshod Sodiqov jismoniy tarbiya yo‘nalishidagi ijodiy imtihonda Olimpiada o‘yinlariga mos natijani qayd etdi. U 100 metr masofani u 10,96 soniyada, 1000 metr masofani esa 2 daqiqa 44 soniyada bosib o‘tdi.

Bu yil Navoiy davlat pedagogika institutiga kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tadigan 15 ta yo‘nalishga jami 2146 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida malakali, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, imtihonlar ikki smenada tashkil etilmoqda.
Ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari har bir xona uchun alohida-alohida joylashtirilgan televizorlarda video kuzatuv orqali, shuningdek, imtihon.edu.uz platformasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn rejimda imtihon jarayonlarini kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek har bir xonada bo‘lib o‘tayotgan imtihon jarayonlari videokameralar orqali yozib olinadi va zarurat tug‘ilganida istagan paytda uni qayta ko‘rish imkoni mavjud.
2022-2023 o‘quv yilida Navoiy davlat pedagogika institutiga jami 3945 nafar, jumladan, 30 ta bakalavriat yo‘nalishi uchun kunduzgi bo‘limga 2325 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 525 nafari grant, 1800 nafari to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. 14 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishi uchun 1175 nafar, 8 ta kechki ta’lim yo‘nalishi uchun 325 nafar talaba to‘lov-kontrakt asosida, magistratura yo‘nalishi uchun esa 120 nafar, shundan 61 tasi grant, 59 tasi to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, joriy o‘quv yilida professional ta’lim: axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishi ochilgan bo‘lib, 50 nafar talaba qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA