Navoiy viloyati sudida 2021 yilning 21 dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining 2021 yil 27 dekabrdagi 40-sonli Farmoyishiga asosan barcha viloyat, shahar va tumanlarda sudya va sud apparati xodimlari hamda mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan biriktirilgan xodimlardan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilgan edi.
Ishchi guruh zimmasiga joylarda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi mavjud muammolarni aniqlab, batafsil o‘rganish, natijalarini umumlashtirish hamda ularning qonuniy yechimlarini topish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Yerning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish, qurilish, geologiya kabi ko‘plab sohalar uchun juda muhim hisoblanadi.
Navoiy viloyatida egalik huquqi mavjud bo‘lgan turar joy obe’ktlari 160 ming 535 ta va egalik huquqi mavjud bo‘lmagan 84 ming 972 ta yakka tartibdagi turar joy ob’ektlari borligi aniqlangan.
Dastlab ishchi guruhlari tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlarni belgilab olinib, savolnoma asosida hududlar kesimida nomma-nom ro‘yxatlar ma’lumotlarini shakllantirish, ularni umumlashtirish hamda yer toifalariga bo‘lish (rangli hududlarga ajratish) yuzasidan mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.
Tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan o‘rganish jarayonlarini 3 bosqichda tashkil etish kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA