English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda 6 oyda o‘tgan yilga nisbatan jinoyat ko‘paygan
16:49 / 2022-07-21

Navoiy viloyatida sudlar tomonidan 2022 yilning birinchi yarim yilligida 1005 nafar shaxsga nisbatan 784 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan.

Tahlillarda jinoyat ishlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 278 taga, shaxslar soni esa 343 taga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi. Tamomlangan ishlardan 758 nafar shaxsga nisbatan 558 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan. Tamomlangan ishlarning barchasi tuman (shahar) sudlarida ko‘rilgan.

Bu haqda Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov sudlar tomonidan 2022 yil 1-yarim yillikda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

– Navoiy viloyat sudlari tomonidan joriy yil davomida ko‘rib tamomlangan ishlar yuzasidan 165 nafar shaxsga nisbatan 102 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki ayblovda qo‘yilgan ayblar o‘zgartirilib, qayta malakalangan holda sudning yakuniy qarorlari chiqarilgan. Ayblov o‘zgartirilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47 taga yoki 85,4 foizga oshgan. Jumladan, 37 ta jinoyat ishi bo‘yicha moddalar ayblovdan to‘liq chiqarilgan, 16 ta jinoyat ishi bo‘yicha modda bandlari chiqarilgan, 21 ta jinoyat ishi bo‘yicha boshqa moddalarga malakalangan, 46 ta jinoyat ishi bo‘yicha moddaning boshqa qismiga malakalangan.

2022 yil birinchi yarmi davomida jami 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha 11 nafar shaxs, jumladan, 4 nafar shaxs birinchi instansiya sudlari tomonidan, 7 nafar shaxs viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan oqlangan.

Ushbu davrda jami 735 kishi sudlangan bo‘lib, ularning 54 nafariga jarima, 5 nafariga majburiy jamoat ishlari, 281 nafariga axloq tuzatish ishlari, 179 nafariga ozodlikni cheklash, 216 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Fuqarolik sudlari tomonidan esa joriy yil o‘tgan davri mobaynida jami 10 ming 488 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, ularning 1763 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2932 taga yoki 28 foizga ko‘paygan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hisobot davrida odil sudlovni amalga oshirish yuzasidan jami 2325 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 1242 tasi yoki 53,4 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan. 135 ta sud majlisi esa videokonferensiya aloqa rejimida o‘tkazilib, ularda 286 nafar vakillar o‘z hududlarida ishtirok etdi va taxminan 61 million 400 ming so‘m mablag‘ tejalgan.

2022 yilning 6 oyi mobaynida Navoiy viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan 479 ta ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ma’muriy ishlar ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 422 tasi qanoatlantirilgan, 42 tasi rad qilingan, 7 tasi ish yurituvdan tugatilgan, 8 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan.

Shuningdek, mansabdor shaxslarning qarorlarini haqiqiy emas, deb topish bilan bog‘liq 111 ta, mansabdor shaxslarning harakat-harakatsizligini qonunga xilof, deb topish bilan bog‘liq 368 ta ish ko‘rib tamomlangan.

Sud ta’sirchanligi faoliyati bo‘yicha Navoiy viloyat va tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 210 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.

Matbuot anjumanida OAV vakillari sud-huquq sohasi bilan bog‘liq savollarga javoblar oldi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA