Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to‘g‘risida navbatdagi “Roadshow” (taqdimot) o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, unda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan imtiyozlar va har xil byurokratik holatlarni qisqartirish bo‘yicha yaratilgan yengilliklar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

– Qarorga muvofiq, Navoiy viloyatida ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, davlatga tegishli 107 ta bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyatga oid bo‘lmagan aktivlarni auksion savdolar orqali xususiylashtirish belgilab berildi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Jumayev. – Shuningdek, mazkur qarorga asosan, endilikda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari tomonidan o‘z hududlarida maydoni 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti yoki yer uchastkalarini onlayn-buyurtmanomasi asosida Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘lganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi, ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi joriy qilindi.

Xususiylashtirilishi belgilangan 107 ta ob’ektdan 37 tasi 32 milliard so‘mga, 128,4 gektar maydondan iborat jami 1276 ta yer uchastkasi 10,5 milliard so‘mga, jumladan, 43 tasi mulk huquqi, 1233 tasi ijara huquqi asosida auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlandi. Ayni paytda 70 ta ob’ektda xatlovdan o‘tkazish va baholash ishlari olib borilmoqda.

– Tadbirda nafaqat xususiylashtirish rejalashtirilgan ob’ektlar bilan tanishdik, balki, ularning ayrimlarini joyiga borib ko‘rib, ular to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Navbahor tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Bentonite" MCHJ direktori Feruz Farmonov. – Jumladan, Navoiy shahrida joylashgan “Imperium invest” MCHJ tomonidan xususiylashtirilgan sobiq 2-sonli beton ishlab chiqarish zavodi bino-inshootlarida loyiha qiymati 8,9 milliard so‘m bo‘lgan “Azbest shifer”, “Ihlas Elektrik” MCHJ tomonidan jami 60,8 milliard so‘mga xarid qilingan “Polietilen quvurlar” MCHJ va “Polipropilen quvurlar” MCHJlarda quvur mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari, “Eko granit” MCHJ tomonidan bo‘sh turgan ob’ekt negizida loyiha qiymati 8 milliard so‘mlik nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdik.

Viloyatda joriy yil 6 oyi mobaynida 55 ta davlat aktivlari 72,2 milliard so‘mlik baholangan qiymatlarda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ommaviy savdolarga chiqarilgan bo‘lsa, ulardan 7 ta aktivl, shu jumladan, 2 tasi aksiya va ulushlar, 5 ta ob’ekt 40,4 milliard so‘mga sotilishi ta’minlangan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA