Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda 5 oyda 5,7 milliard so‘m ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi
10:47 / 2021-06-22

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilganidan buyon hozirgi kunga qadar Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2 trillion 514 milliard so‘mlik hujjatlarning ijrosi ta’minlangan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida jami 328 milliard so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi tamomlanib, 190 milliard so‘mlik 20 ming 731 ta ijro hujjati amalda undirilishi ta’minlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan brifingda ma’lum qilindi.

Jamiyatda adolatning qaror topishi ko‘p jihatdan sud qarorining ijrosini ta’minlashga bog‘liq bo‘lib, bunda esa majburiy ijro byurosining o‘z o‘rni bor.  

Byuro organlari tomonidan vakolatli idoralar bilan o‘zaro ma’lumot va hujjatlar almashish, murojaatlarni qabul qilish hamda ijro ishlarini yuritish hajmini yengillashtirish maqsadida “MIB-Portal” elektron dasturiy tizimi yo‘lga qo‘yildi.  

Ushbu jarayon, avvalo, xodimlarning ish hajmini osonlashtirish va ijro ishlari mexanizmini soddalashtirish, ma’lumotlar ayirboshlash va faoliyatni elektron hamda shaffof tarzda yuritilishiga imkon bermoqda. Shuningdek, mazkur dasturiy ta’minotning yana bir jihati statistik ma’lumotlarni haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasi to‘liq ishga tushirilishi natijasida 32 ta vakolatli idora bilan Yagona elektron axborotlar bazasi integratsiya qilinib, qarzdor va uning mol-mulklari bo‘yicha 24 ta idoradan 70 ga yaqin axborot turlari olinadi, – deydi boshqarma Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Shoxrux Uzakov. – Shu bilan birga, qarzdor va uning mol-mulklariga nisbatan 9 turdagi taqiqlar qo‘yish, sudlar va 32 ta vakolatli idoradan ijro hujjatlarini onlayn tarzda majburiy ijroga qaratish imkoniyati mavjud.

Brifingda ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 oyida 122 milliard so‘mlik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 14,8 milliard so‘mlik fuqarolar foydasiga pul mablag‘i undirilishi ta’minlangan. Shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq 2 mingta ijro ishi bo‘yicha 42,5 milliard so‘m mablag‘ amalda undirilishiga erishilgan bo‘lsa, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklar ijrosi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 590 million so‘m pul mablag‘i kelib tushgan. Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq 12 ta ijro ishi bo‘yicha 78 million so‘m, jinoiy va ma’muriy jarima undirish bilan bog‘liq 8 mingta ijro ishi bo‘yicha 5,3 milliard so‘m undirishga erishilgan.

O‘tgan davr mobaynida sud qarorlari asosida qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 100 nafardan ortiq shaxs ishga tiklandi va to‘lanmay qolgan 734 million so‘mlik ish haqlari undirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab, davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 6 ta yo‘nalishdagi ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy qilingan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi belgilangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-may oylarida 5,7 milliard so‘m mablag‘ ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi.

Ta’kidlanishicha, jamiyatimizda oila qadriyatlariga yuzaki yondashish, er-xotinning o‘zaro kelishmovchiliklari oqibatida ajrashib ketish holatlari yildan-yilga o‘sishi natijasida alimentga oid ijro hujjatlari soni keskin ortmoqda.

– 2017 yil 6 oyigacha bo‘lgan davrda tugatilgan sud departamentning viloyat ish yurituvida jami 6 ming 337 ta aliment undirish haqidagi ishlar mavjud bo‘lgan, – deydi Sh.Uzakov. – Ayni vaqtda davlat ijrochilarining ish yurituvida qoldiqda bo‘lgan 34 ming 221 ta ijro hujjatining 11 ming 137 tasi aliment masalasiga oid. Yoki har uchta ijro hujjatidan bittasi aliment ishlaridir. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan to‘rt yil mobaynida aliment ishlari soni 4 ming 800 taga yoki 76 foizga ortgan. Qolaversa, 2 ming 445 ta murojaatning 1 ming 446 tasi aynan alimentga oid masalalarga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavjud muammolargao‘zgacha yondashib, aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan aloqador tashkilotlar bilan oilalarni o‘zaro yarashtirish ishlariga e’tibor qaratilmoqda. Natijada, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 150 nafarga yaqin oila yarashtirildi va 365 nafar aliment to‘lovchilar ishga joylashtirildi.

Joriy yilning 1 mart kunidan boshlab aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratilgan bo‘lib, yangi tartibga ko‘ra, har bir aliment puli oluvchi fuqarolar nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtirish ishlari boshlandi va aliment pullari, qarzdorning ish haqidan undiruvchi nomiga ochilgan yangi plastik kartochkalarga elektron tarzda yuborilmoqda.

Viloyatdagi 8 ming 600dan ortiq aliment oluvchi fuqaroga bepul va beg‘araz ravishda “Aloqabank” tomonidan plastik kartalar ochilishi yuzasidan elektron arizalar yuborildi.

Sh.Uzakovning ta’kidlashicha, bu tizim MDH davlatlari orasida birinchi bor yurtimizda joriy etildi va bir qator qulayliklarga ega. Jumladan, avvalo, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosi va undirilishini nazorat qilish ishlari qisman avtomatlashtiriladi. Aliment to‘lovchi va oluvchilarga qulaylik yaratilib, alimentni jo‘natish bilan bog‘liq pochta xarajatlari tejaladi, aliment to‘lovchilar ustidan doimiy (masofaviy) nazorat o‘rnatiladi. Qolaversa, fuqarolar murojaatlarining keskin kamayishiga erishiladi va asosiysi, odatiy tarzdagi aliment oluvchi fuqarolarning joylardagi pochta aloqa tarmoqlari va Majburiy ijro byurosining tuman-shahar bo‘limlariga borishiga hojat qolmaydi.

Darvoqe, tizimning yana bir jihati – xodimlarning aliment to‘lovi masalasida shaffoflikni oshirishda ortiqcha inson omilini cheklash va korrupsion holatlarni oldini olishga xizmat qiladi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA