Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda 410 milliard so‘m mablag‘ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldirildi
15:16 / 2022-01-22

Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasida “2021 yilda tizimda amalga oshirilgan ishlar, soliq siyosatidagi yangiliklar va mavjud muammolar yechimi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Dastlab viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Botiraliyev viloyat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, soliq yukining kamaytirilishi, imtiyozlarning joriy etilishi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Natijada, tadbirkorlik sub’ektlari soni ortib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Belgilangan byudjet daromadlari prognozi qariyb 1 trillion 401 milliard so‘mga, mahalliy byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan prognoz 1 trillion 864 milliard so‘mga bajarildi. Natijada 410 milliard so‘m mablag‘ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldirildi.

Viloyatda qonuniylikni ta’minlash, halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy ko‘mak berish, faoliyatini tiklashi uchun munosib yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yakunlangan yilda 1865 nafar tadbirkorga tadbirkorlik sub’ektlarini ortiqcha xarajatlar va qonun buzilishlaridan saqlash maqsadida hisobotlarini to‘ldirish va topshirishga ko‘maklashildi. Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarining 433 tasiga faoliyat turidan kelib chiqib, optimal soliq rejimi tanlab berildi.

Aylanma mablag‘ga muhtoj bo‘lgan 31 ta tadbirkorlik sub’ektiga 3 milliard 317,3 million so‘m kredit olinishiga ko‘maklashildi.

– 2022 yil 1 yanvar holatiga viloyatimizda 5034 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari mavjud bo‘lsa, 2021 yil yakuni bilan 927 ta QQS to‘lovchilarga 218 milliard 294 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan salbiy farq summasi ularning hisob raqamiga qaytarib berildi, – deydi A.Botiraliyev. – Natijada, tadbirkorlarning aylanma mablag‘i yana ortishiga imkoniyat yaratildi. Joriy yil soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni yana ortishi rejalashtirilgan. Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyatimizda QQS to‘lovchilari safi yana 185 taga ortmoqda.

Afsuski, soliq to‘lovchilarga ko‘mak berish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilsa-da, ayrim tadbirkorlar belgilangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashdan qochishga urinmoqda.

– Tizimda soliq qarzini undirish ishlari doimiy ravishda tahlil qilinib, mazkur sa’y-harakatlar natijasida 2021 yil davomida 82,6 milliard so‘mlik soliq qarzi byudjetga undirilgan, – deydi A.Botiraliyev. – Shuningdek, Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan tan olingan soliq qarzdorliklari bo‘yicha majburiy ijro byurosi hamkorligida 1633 ta tadbirkorlik sub’ektining 21,4 milliard so‘mlik soliq qarziga nisbatan mol-mulklari xatlandi. Xatlov jarayonlarida 529 ta tadbirkorlik sub’ektining 12,1 millird so‘m soliq qarzi undirilishi ta’minlandi.

Navoiy viloyati hududida 8 ming 177 ta chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar shoxobchalari onlayn nazorat-kassa mashinalari tizimiga ulandi. 7 ming 352 ta chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari QR-kodlar shaxsiy kabineti orqali shakllantirildi.

O‘tgan 2021 yil davomida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 495 ta holatda soliqqa oid qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan, 476 ta holatda nazorat kassa mashinalaridan foydalanmaslik, 19 ta holatda hisob-kitob terminllaridan to‘lovlarni qabul qilishni rad etish bo‘yicha tegishli choralar qo‘llanilgan.

Anjumanda 2022 yil soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan Soliq kodeksining 89 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Kodeksga yangi bitta bo‘lim kiritildi.

Soliq tizimida “E-ijara”, “E-aktiv”, “E-imtiyoz” kabi elektron, axborotlashgan xizmatlar ishga tushirildi. Bu soliq to‘lovchilarning elektron xizmatlardan samarali foydalanishi, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida savollarga tizim mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA