2025 yilning 5 dekabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatning jadal rivojlanishi, aholi ehtiyojining ortgani ishonchli, uzluksiz va ekologik toza energiya manbalarini joriy etishni taqozo qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Marosimda qiymati qariyb 11 milliard dollarga teng 42 ta yangi energiya quvvatlari va infratuzilma ob’ektlari ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, yana 21 ta yirik loyihaning qurilishiga rasman start berildi. Keyingi yillarda energetika sohasiga 35 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilingani, 9 ming megavattdan ziyod quvvatlar ishga tushirilgani mamlakatning energetika xavfsizligi va barqarorligi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Navoiy viloyatida ham 300 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va unga hamohang 75 MVtlik elektr energiyasini saqlash tizimi qurilishi boshlandi. Xitoyning “SINOMA” kompaniyasi investorligida “Navoiy Clean Energy Technology” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha qiymati 260 million dollarni tashkil etadi. Karmana tumanidagi 522 gektar maydonda olib borilayotgan loyihalash va qurilish ishlarida Xitoy hamda mahalliy kompaniyalar hamkorlikda faoliyat yuritmoqda.

Loyiha to‘liq foydalanishga topshirilgandan so‘ng, yiliga 650 million kVt soat “yashil” energiya ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu 270 ming xonadonning bir yillik elektr iste’moliga tengdir. Shuningdek, inshoot ishga tushishi natijasida 196 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar 273 ming tonnaga kamayadi. Loyiha doirasida 25 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, stansiya 2026 yilda ishga tushiriladi.
Yangi stansiyaning qurilishi nafaqat mintaqada, balki respublika miqyosida ham energiya ta’minoti barqarorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA