Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiyda 260 mingdan ziyod iste’molchiga gaz ta’minoti bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda
16:11 / 2021-12-21

Mamlakatimizda aholini doimiy tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, sohani qayta isloh qilish yo‘lida islohotlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilda viloyatda 157 ming 400 nafar iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 162 mingga yetdi. Demak, tabiiy gazga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortdi. Ularga “zangori yoqilg‘i”ni bir maromda va xavfsiz yetkazish maqsadida gaz tarmoqlari hamda gaz taqsimlash punktlarining sozligi nazoratdan o‘tkazilib, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Xususan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 1,4 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, pirovardida ushbu hududlarda yashovchi aholi xonadonlarida gaz bosimi bir me’yorga keltirildi.

– Karmana tumani tabiiy gaz iste’molchilari eng ko‘p bo‘lgan hudud hisoblanadi, – deydi filial mas’ul xodimi Mahmud Jumayev. – O‘tgan yili isitish mavsumida tumanning “Navro‘z” va “Beshkent” mahallalarida gaz bosimi me’yoridan pasaydi. Shu bois, joriy yilda “Navro‘z”dagi o‘rta bosimli va “Beshkent”ning “Rohat” ko‘chasidagi o‘rta va past bosimli yer osti gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. O‘z vaqtida bo‘yoqlash ishlari olib borildi. Natijada ushbu hududlardagi jami 530 ta xonadonda gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.

Shuningdek, gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash ishlari Xatirchi tumani “Paraxun” mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasidagi 0,4 km gaz quvurlarida ham olib borilib, 140 ta xonadonda gaz pasayishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, gaz bosimini yaxshilash maqsadida Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlari hamda Navoiy shahridagi jami 6,9 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi.

– Navoiy shahri aholisi to‘liq tabiiy gaz bilan ta’minlanadi, – deydi “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi To‘yqul Jumayev. – Joriy yil boshida iste’molchilar soni 41 ming 586 nafar edi. Hozirda 43 ming 800 nafarga yetdi. “O‘zbekiston” mahallasining “Yoshlik” hamda “Janubiy” mahallasining “Janubiy” ko‘chalaridagi 0,8 km past bosimli gaz quvurlari yer ostida joylashgandi. Ushbu gaz quvurlarining muddati o‘tganligi, foydalanishga yaroqsiz holga kelganligi bois, gaz sizib chiqish holatlari kuzatilayotgandi. Joriy yilda ular yangi gaz tarmoqlariga almashtirilib, to‘liq yer ustiga olindi. Eng muhimi, ushbu hududlardagi 244 ta xonadonda gaz ta’minoti yaxshilanib, turli noxush holatlarning oldi olindi.

Shu bilan birga Qiziltepa tumanining “Furqat” va “Vang‘ozi” mahallalarida jami 1,6 km, Navbahor tumanining “Qorajon” mahallasida 3,8 km hamda Xatirchi tumanining “Navbahor” va “Do‘st” mahallalarida 0,7 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 686 million 900 ming so‘m mablag‘ sarflanib, natijada joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 1800 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.

– Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyili bugun gaz ta’minotidagi jonkuyar xodimlarning asosiy maqsadiga aylangan, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. – Shu bois, ularning kunlik ish faoliyati iste’molchilarning gaz ta’minoti borasidagi maishiy ehtiyojini qondirish, sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning sohaga oid murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganib, hal etishga qaratilgan. Masalan, joriy yilda filialga aynan gaz bosimining pasayishi bilan bog‘liq 48 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksari, Karmana, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahriga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumki, Navoiy viloyati mamlakatimizdagi sanoati eng rivojlangan hududlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 apreldagi “Maxsus iqtisodiy  va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Zarafshon oyna” MCHJga qarashli float-shisha ishlab chiqarish zavodini gazlashtirish masalasi belgilab berilgan edi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash, aholi farovonligini yanada yaxshilash maqsadida filialning loyiha bo‘limi va qurilish-montaj boshqarmasi tomonidan ushbu ishlab chiqarish ob’ektini gazlashtirish uchun diametri 159 mm bo‘lgan 6 km yuqori bosimli gaz tarmoqlari tortildi.

Viloyatda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, ayniqsa, markazdan 250-300 km uzoqlikda joylashgan ovullar aholisining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirib, ularga qulaylik yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

bugungi kunda viloyatda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 100 ming nafardan oshdi. Shundan 6850 nafar iste’molchi Uchquduq shahridagi gaz quvurlari orqali (tabiiy gaz ko‘rinishida) suyuq gazdan foydalanadi. Qolgan iste’molchilarga shartnoma asosida gaz ballon yetkazib beriladi. Jamiyatning qator sohalari kabi gaz ta’minoti tizimining suyultirilgan gaz yo‘nalishiga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi bilan bugun oldingiga nisbatan ish unumdorligi tubdan farq qilmoqda. Joriy yilda viloyatdagi gaz ballon bilan ta’minlangan iste’molchilarning barchasiga ID-kartalar taqdim qilinib, gaz ta’minoti xaridi to‘liq avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazildi. Bu bilan turli ovoragarchiliklarning oldi olinib, shaffoflik ta’minlanmoqda.

Sir emaski, viloyatda suyultirilgan gaz tarqatiladigan hududlarning aksari uzoq, qolaversa, cho‘l va tog‘ hududida joylashgan qishloq va ovullardan iborat. Shu bois, aholiga gaz balonni yetkazishda uzluksizlik va xavfsizlik juda muhim ahamiyatga ega. Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davomida Tomdi tumanida joylashgan gazgolder qurilmalariga o‘rnatilgan sig‘imlar bosim ostida sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, Tomdi, Nurota va Xatirchi tumanlarida joylashgan gaz tarqatish shoxobchalariga generatorlar o‘rnatilib, bu orqali elektr energiyasida bo‘ladigan uzilishlar davrida ham viloyat aholisini bir maromda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi. Hududda 4 ta gaz tarqatish shoxobchasi va 1 ta gaz taqsimlash stansiyasi mavjud bo‘lib, ularga kameralar o‘rnatildi. Endi ushbu ob’ektlardagi gaz to‘ldirish jarayonlari masofadan turib nazorat qilinmoqda.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA