French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy zakosiga ta’zim qilindi
13:16 / 2026-02-09

Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali bo‘y ko‘rsatib turgan muazzam maydonda buyuk bobokalonimiz tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, talaba va o‘quvchi yoshlar jam bo‘lgan maydonda Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Allamurodov va boshqalar  so‘zga chiqib, Mir Alisher Navoiyning hayoti, boy madaniy merosi va ularning bugungi kundagi qadr-qimmati haqida atroflicha fikr yuritdi. Ul zotning asarlari jahon xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani ta’kidlandi. 

Nodir asarlari va yuksak xislatlari bilan insoniyatni asrlar davomida adolat, komillik va ezgulik kabi oliyjanob fazilatlarga chorlab kelayotgan ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiyni nafaqat xalqimiz, balki dunyo ahli o‘zgacha mehr va hurmat bilan ulug‘lab keladi. Serqirra ijodi va ibratli hayot yo‘lini katta qiziqish bilan o‘rganib, boy merosidan bahra oladi. Zero, Navoiy hazratlari siymosi shoir va yozuvchilar, adabiyot muxlislari uchun so‘z mulkining sultoni, olim va fuzalolarga tengsiz mutafakkir, davlat xizmatchilari uchun mohir davlat arbobi, yoshlarga ma’naviy komillikka yetaklaydigan ustoz, keksalar uchun sodiq maslakdosh bo‘lib gavdalanadi.

Alisher Navoiy atoqli shoir, xalq manfaatlarini barcha narsadan ustun qo‘ygan davlat arbobi sifatida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxs. Ul zotning asarlarida targ‘ib etilgan insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik va komil inson g‘oyalari bizning davrimizda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, nafis g‘azal va dostonlarida tarannum etilgan qarashlar yosh avlod tarbiyasida muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

– O‘z davrida o‘zbek tilining boy va jozibador muloqot vositasi ekanini keng namoyon etib, go‘zal asarlar yaratgan Hazrat Navoiydan katta ma’naviy qadriyat meros qolgan, –deydi O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamurodov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu qadriyatlar yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatib, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat, yurtga muhabbat va buyuk ajdodlarimiz merosiga chuqur hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Viloyatda Navoiy tavalludining 585 yilligi ham keng nishonlanib, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, intellektual bellashuvlar, g‘azalxonlik kechalari o‘tkazilayotgani bunga yaqqol dalildir. Dunyo adabiyotshunoslari hanuz Navoiy merosini katta qiziqish bilan o‘rganayotganida ham chuqur ma’no bor. Zotan, Navoiy ijodini, ul zotning shaxsini yaxshi bilish, yuksak fazilatlaridan ibrat olish jamiyatni taraqqiyotga, insonni komillikka yetaklaydi. 

[gallery-27550]

Tantanali tadbirda shoirlar va talaba-yoshlar Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidi. San’atkorlarning sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Buyuk shoir g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar kuylandi. Mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. 

Marosim Termiz shahridagi San’at saroyida viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari sahnalashtirgan spektakl namoyishi bilan yakunlandi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA muxbirlari