Navoiy davlat universiteti va Xitoyning “Geely Holding” korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Universitet Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Navoiy davlat universiteti rahbariyatining Xitoyga xizmat safari davomida korporatsiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilingan.

Kelishuvga ko‘ra, universitet qoshida “Navoiy Xinwei” instituti tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu markazda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyo bo‘ylab talabalar uchun o‘ziga xos ixtisoslashtirilgan dasturlarni yaratish uchun kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ta’lim muassasasida sun’iy intellektga asoslangan xalqaro standartlarga mos gibrid ta’lim moduli yaratiladi. Xitoy tili markazi tashkil etiladi. Bu markaz keng qamrovli dasturlarni, jumladan, qo‘shma ta’lim, qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, talaba va professor-o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlarini qamrab olishi belgilangan.

“Geely Holding” korporatsiyasi dunyo miqyosidagi avtomobilsozlik, texnologiya va innovatsiyalar giganti bo‘lib, uning ta’limga qaratilgan muhim bo‘g‘ini “Geely Talent Development Group” hisoblanadi. Ayni paytda ushbu guruh tarkibida 9 ta zamonaviy va innovatsion ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri