Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan joylarda g‘azal mulkining sultoni, ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ta’lim muassasalari, idora, tashkilot va korxonalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, she’rxonlik kechalari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Vobkent tumanidagi 2-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. “Navoiy vorislari” nomli ko‘rik-tanlov bir qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi. Unda partiyaning faollari, deputatlar, ustoz va murabbiylar, o‘quvchilar qatnashdi.
Tanlovda jamoalar o‘z bilimlarini Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan bog‘liq bo‘lgan 5 ta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazishdi.
Ko‘rik-tanlovda Alisher Navoiyning hayoti va ijodini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari o‘quvchilar tomonidan ijro etildi. Shuningdek, bobomiz g‘azallari, ruboiylari, tuyuqlari, fardlari va qit’alari ifodali qilib aytib berildi.
G‘azallar bilan aytilgan qo‘shiqlar va raqslar, sahna ko‘rinishlari tadbirga alohida shukuh bag‘ishladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan partiya faollari Alisher Navoiy ijodkor bo‘lsa-da, davlat ishlari, siyosatda ham faol qatnashgani, aholi dardini tinglab yechim topishga ko‘maklashganini ta’kidladi. Xalq va yurt rivoji uchun qilgan ezgu ishlari yoshlarga ibrat sifatida aytib o‘tildi.
Tanlov so‘nggida g‘olib va sovrindor jamoalarga O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA