Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur. Darhaqiqat, yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli, serhosil yetishtirishda xo‘jaliklarning zamonaviy, ish hajmi yuqori, ilg‘or texnikalar bilan ta’minlanganligi asosiy omil hisoblanadi.
Ulardan samarali va to‘liq foydalanish uchun o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni bartaraf qilish, ta’mirlash, diagnostikalash va to‘g‘ri saqlash kabi texnik jarayonlarga to‘liq rioya qilish talab etiladi. Ayni kunlarda Navoiy viloyatida bahorgi dala ishlarida qatnashadigan 4 ming 500 dan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari ta’mirlanmoqda.
Har bir tumandagi texnikalar joylardagi ta’mirlash maskanlarida nosozlik darajasiga qarab zarur ehtiyot qismlari yangisiga almashtirilayapti. “O‘zagroinspeksiya”viloyat boshqarmasining tumanlardagi inspektorlari tomonidan ta’mirlashga keltirilgan barcha texnikalarga nuqson dalolatnomalari tuzilib, shunga asosan ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
– Bahorgi yumushlarning sifatli bajarilishi uchun hozirdanoq qishloq xo‘jaligi texnikalarini tayyor holatga keltirib qo‘yish, ularning texnik sozligini ko‘zdan kechirish muhim masalalardan biridir. Shu bois ayni kunlarda viloyatning Karmana, Konimex, Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlarida ta’mirlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

− Xodimlarimiz joylarda bo‘lib, fermerlarga tegishli qishloq xo‘jaligi texnikalarini kechiktirilmay ta’mirlash lozimligini tushuntirmoqda. Hozirga qadar 4 ming 500 dan ortiq texnikadan 3 ming 101 tasi ta’mirlandi. Soz holatga keltirilgan texnikalarning 950 tasi Xatirchi tumaniga, 803 tasi Navbahor tumaniga to‘g‘ri keladi. Qolgan hududlarda ham ta’mirlash ishlari jadal amalga oshirilmoqda, − deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Bahodir Agzamov
− Qishloq xo‘jaligida sohani zamonaviy, arzon, agrotexnik jihatdan ishonchli bo‘lgan texnikalar bilan ta’minlash muvaffaqiyatga erishishda muhim shartlardan biri ekanligi sir emas, − deydi inspeksiya viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. − O‘tgan yili viloyatga jami 50 dona yuqori unumli pnevmatik chigit ekish seyalkalari hamda 8 dona yangi kombayn olib kelingan edi. Kelgusi yilda ham viloyat bo‘yicha 420 donadan ortiq turli rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlar olib kelinishi rejalashtirilgan.
Respublikamiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan ko‘plab vazifalar belgilangan. O‘z navbatida texnikalardan samarali va oqilona foydalanish ham agrar soha rivojiga xizmat qiladi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA