Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyatida ulug‘ shoirga ehtirom ko‘rsatildi
11:54 / 2024-02-10

Yurtimizda har yili 9 fevral –Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan buyuk shoirga e’tirom sifatida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi yaxshi an’anaga aylangan.

Navoiy davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi bilan hamkorlikda “Mir Alisher Navoiy xalqparvar va mehr-saxovat sohibi” nomli ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. 

Tadbir shoir hayoti va ijodidagi mehr-saxovat va xalqparvarlik g‘oyalariga sug‘orilgan shoh baytlar va ibratli hayotiy voqealarni ilmiy tatqiq etish orqali shoir badiiyatining hali biz anglab yetmagan jihatlarini Navoiy ixlosmandlariga tuhfa etish maqsadida tashkil etildi. 

Shu jihatdan ushbu anjumanda so‘zga chiqqan institut rektori, professor Bahodir Sobirov, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi raisi, professor Abduhamid Xolmurodov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev va boshqalar tomonidan Navoiy haqida, uning xalqparvarlik va mehr-saxovat bobidagi qarashlari ilmiy jihatdan to‘laqonli yoritib berildi. 

– Navoiy asarlaridagi mehr-saxovat, saxiylik g‘oyalariga Hukumat qarori bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyati to‘la mos keladi. Yakunlangan 2023 yilda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari qarorlari asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalaridan 25 ming 164 nafar ehtiyojmand fuqaroga 25,6 milliard so‘m miqdorda moddiy yordam ko‘rsatildi, – deydi Faxriddin Soliyev. 

G‘azal mulkining sultoni tavalludi arafasida “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida shoir ijodi va faoliyatiga oid bir qator tanlovlar tashkil etildi.

Jumladan, Navoiy davlat pedagogika instituti talabalari o‘rtasida “Saxovatli va muruvvatli so‘zlar bilimdoni” mavzusida o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘rin E’zoza Rahmatullayevaga nasib etdi.

Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari ko‘lamiga baho berish maqsadida o‘tkazilgan “Alisher Navoiy ijodiy merosining faol targ‘ibotchisi” tanlovida esa Navoiy shahridagi 11-umumta’lim maktabi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tanlovlar yakunida eng yaxshi ilmiy izlanishlar, maqola va to‘plangan materiallar uchun talabalar, maktab jamoasi munosib taqdirlandi.

Navoiy ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri