Navoiy viloyatida keyingi yillarda ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu haqda Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Navoiy suv ta’minoti”AJ va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida atroflicha so‘z yuritildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning 1 yanvar holatiga viloyatdagi mavjud mahallalarning 201 tasi to‘liq, 113 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan mahallalar aholisiga tasdiqlangan grafiklar asosida maxsus texnikalar orqali ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, oxirgi 7 yil ichida 39 ta mahallaga ilk bor ichimlik suvi yetkazilib, yana 75 ta mahallada mavjud tizimlar rekonstruksiya qilinishi natijasida ta’minot sezilarli darajada yaxshilandi.
– Bugungi kunda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrovi 85,7 foizni tashkil etmoqda, – deydi AJ direktori Otabek Zaripov. – Shu bilan birga, ayrim tumanlarda ushbu ko‘rsatkich viloyat o‘rtacha darajasidan pastligi saqlanib qolmoqda. Xususan, Konimex, Tomdi, Nurota, Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida ichimlik suvi ta’minotida muammolar mavjud. Bu esa kelgusida investitsiya va rekonstruksiya ishlarini aynan ushbu hududlarga yo‘naltirish zarurligini ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mavjud infratuzilmaning muayyan qismi jismonan va ma’nan eskirgan. Viloyatdagi 269 ta suv inshootining 32 foizi hamda 5 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlarining qariyb beshdan biri 1970-1980 yillarda qurilgan bo‘lib, bu holat tizimli rekonstruksiya ishlarini talab etmoqda. Shu kabi muammolar oqova suv xizmatlarida ham kuzatiladi. Ayni paytda shaharlar va yirik tuman markazlarida istiqomat qiluvchi aholining atigi 25,8 foizi oqova suv xizmatlari bilan qamrab olingan.
2025 yilda sohadagi mavjud muammolardan kelib chiqqan holda keng ko‘lamda profilaktika, joriy va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. “Bahor-yoz” mavsumiga tayyorgarlik doirasida 5 ta suv tindirgich, 97 ta rezervuar va 38 ta suv minoralari tozalanib, zararsizlantirildi. Shuningdek, 55 tadan ortiq nasos uskunalari, 450 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarida ta’mirlash, 311,1 kilometr oqova suv tarmoqlarida yuvish va tozalash ishlari amalga oshirilib, minglab texnik nosozliklar bartaraf etildi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan avariya holatlarini qariyb 10 foizga kamaytirish imkonini berdi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda suv sifati ustidan nazorat ham muhim o‘rin tutmoqda. Yakunlangan yilda 11 mingdan ortiq suv namunalari tahlil qilinib, laboratoriyalarning milliy standartlarga muvofiqligi ta’minlandi. Shu bilan birga, sanitariya xizmatlari bilan hamkorlik kuchaytirildi.
[gallery-27248]
Sohada iqtisodiy intizomni ta’minlash ham kun tartibidagi masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha debitor qarzdorlik 19,4 mlrd so‘mni tashkil etib, uning asosiy qismi Navoiy va Zarafshon shaharlari, Karmana, Navbahor va Uchquduq tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qarzdorlikni undirish maqsadida sudlarga da’vo arizalari kiritilib, muayyan mablag‘larni undirishga erishildi.
Shu bilan birga, sohada raqamlashtirish ishlari keng joriy etilib, iste’molchilar uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Onlayn to‘lovlar, shaxsiy kabinet orqali ma’lumot taqdim etish, elektron ma’lumotnomalar olish imkoniyatlari aholi sarsongarchiligini kamaytirib, xizmatlar shaffofligini oshiryapti. Natijada murojaatlar soni qisqarib, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuksalmoqda. Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari