Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari ishtirokida yo‘lovchi tashish va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholi murojaatlarini joyida ijobiy hal etish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi, turizm, Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalar, tadbirkorlik sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhratillo Yadgarov, boshqarma boshlig‘i Shuhrat Mirsaidov, “Uzbekistan Helicopters” MCHJ direktori Hakimboy Utamov va boshqalar yo‘lovchi hamda yuk tashish bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritdi. Aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Uchrashuvda Savdo sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, sayyohlik tashkilotlar vakillari, aviatashuvlar sotuvi agentlari tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bugungi uchrashuv biz tadbirkorlar uchun juda foydali va samarali bo‘ldi, – deydi “Travel.uz” turistik agentligi rahbari Otabek Abduxalimov. – Uchrashuvda aviakompaniya rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik. Taklif va tavsiyalarimizni berib, hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldik.
[gallery-25531]
Sayyor qabul doirasida yo‘lovchilarni qiynayotgan muammolar, avia qatnovlarni ko‘paytirish, sohaga qiziquvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA