O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt (600 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, kelishilgan bitimlarga muvofiq:
a) Investor o‘z huquq va majburiyatlarini o‘zi tomonidan tashkil etiladigan Loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechadi;
b) Loyiha kompaniyasi o‘z zimmasiga elektr energiyasini saqlash tizimi foydalanishga kafolatlangan tarzda tayyor turishini ta’minlash majburiyatini oladi;
v) Loyiha kompaniyasi Loyiha doirasida elektr energiyasini saqlash tizimini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya quradi hamda ishga tushirilgandan so‘ng ularni O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJga topshiradi. Bunda:
Loyiha kompaniyasining elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya qurish uchun sarflagan xarajatlari elektr energiyasining tarifi tarkibida ko‘zda tutiladi;
elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJga bepul topshiriladi, shuningdek, ushbu ob’ektlar soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi;
g) "O‘zenergosotish" AJ o‘n besh yil davomida elektr energiyasini saqlash tizimidan foydalanganlik uchun hamda Loyiha kompaniyasi tomonidan elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya qurishga sarflangan xarajatlar to‘liq qoplanguniga qadar ushbu xarajatlarni belgilangan tarifga qo‘shgan holda to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi;
d) elektr energiyasini saqlash tizimidan foydalanganlik uchun to‘lovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan qat’iy tarif bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi;
j) Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 10,8 million AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi;
z) elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bilan bog‘liq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Bitimlarga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi.
Loyihani amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar bo‘yicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi huquqini Loyihani moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish haqida bitimlar tuzish huquqi beriladi.
Navoiy viloyati hokimligi:
a) Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda olti oy muddatda Loyihani amalga oshirish doirasida Navoiy viloyati Tomdi tumani hududida elektr energiyasini saqlash tizimini, elektr uzatish tarmoqlarini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olish hamda ularning chegaralariga aniqlik kiritib, tegishliligi bo‘yicha ommaviy servitut belgilash va toifasini o‘zgarish yuzasidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritadi;
b) Loyiha kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan loyiha hujjatlari asosida tanlangan yer uchastkalarini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratadi. Bunda:
Energetika vazirligi o‘ziga berilgan tegishli yer uchastkalari Loyiha kompaniyasiga elektr energiyasini saqlash tizimini qurish hamda Loyiha kompaniyasi va "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJga elektr tarmoqlarini va elektr energetikasi infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun Loyihani amalga oshirish muddatiga teng davrga ijaraga berilishini ta’minlaydi;
v) Loyiha kompaniyasi uch oy muddatda yer uchastkalari olib qo‘yilayotgan yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkazilgan zararlarni, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, oldinroq elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar" (BAA) kompaniyasi O‘rtasida “Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt (600 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish“ investitsiya loyihasi doirasida 2025 yil 3 dekabrda investitsiya shartnomasi imzolangan;
b) investitsiya shartnomasiga muvofiq, Investor Navoiy viloyatida 180 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etgan holda quvvati 300 MVt (600 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
v) 2025 yil 3 noyabrda Investor bilan "O‘zenergosotish" AJ o‘rtasida Elektr energiyasini saqlash xizmati bo‘yicha bitim hamda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ o‘rtasida Tarmoqqa ulash to‘g‘risida bitim imzolagan edi.
O‘zA