Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyatida noan’anaviy sayyohlik tizimi shakllantirilmoqda
15:57 / 2017-10-25

Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Navoiy viloyatining sayyohlik salohiyatini yuksaltirish, namunali turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, diqqatga sazovor joylarga sayyohlar oqimini kengaytirish va xalqaro miqyosda samarali targ‘ib qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, turizmni rivojlantirishda, avvalo, noan’anaviy targ‘ibot usullaridan foydalanish, eng muhimi, sayyohlik yo‘nalishlarini qulay va har tomonlama ixcham holatga keltirish, hududning obodligi va sarishtaligi, namunali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish e’tiborli jihatlar sanaladi.

– Turizmni yanada rivojlantirish uchun xalqaro tajribadan keng foydalanilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Navoiy viloyatidagi vakolatli vakili Farhod Ernazarov. – Xususan, an’anaviy sayyohlik xizmatlari bilan birga, turli o‘ziga xos yo‘nalishlar ommalashtirilmoqda. Viloyat hududida muqaddas qadamjolar, qadimiy obidalar va ekoturizmni rivojlantirish uchun qulay manzillar ko‘p. Shu bois sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ma’lum bir hududga kelgan sayyoh mahorat darslari orqali shu yerning o‘ziga xos milliy taomlarini tayyorlash sirlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘layotir.

Viloyatda turistik mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, tabiiy va tarixiy-madaniy manzillar bo‘yicha yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, turistik xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Nurota tumanida ekoturizmni rivojlantirish maqsadida xorijiy sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatadigan “Ruslan eko service” oilaviy korxonasi faoliyat boshladi. Bu yerda chet ellik sayyohlar uchun milliy taomlarni mahorat darslari asosida tayyorlash hamda qadimiy Nurota kashtachiligining yaratilish tarixini namoyish qiluvchi maxsus rasta tashkil etilgan.

Tumanning Sentob qishlog‘ida 2 ta 30 o‘rinli uy-mehmonxona va 25 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirilgani viloyatga sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qilayotir.

– Sentob qishlog‘ida sayyohlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan, – deydi “Sentob shaxi Mustafo” xususiy korxonasi rahbari Shodiboy Boboyev. – 30 o‘rinli uy- mehmonxonamiz sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, tog‘ tepasidagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar, Fozilmon ko‘li manzaralari sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xorijlik sayyohlarga malakali tarjimon-ekskursovod ko‘magida namunali xizmat ko‘rsatilayotir. Qishloq tabiatining o‘zi bir ajoyib manzara bo‘lsa, tog‘ning yuqori qismidagi qadimiy tosh bitiklar noyob tarixdir. Hudud havosining musaffoligi, xushmanzara tabiati har qanday odamga unutilmas lahzalar baxsh etadi. Ayniqsa, qishloq o‘rtasidagi "Akko" bulog‘ining shifobaxsh suvi sayyohlar e’tiborini tortadi.

Sarmishsoy va Aydarko‘l atrofida yangi turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida turizmning yangi turlari va yo‘nalishlarini tashkil etish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, “Buyuk Ipak yo‘li – Konimex – Aydarko‘l” va “Navoiy – Aydarko‘l ekoturizm”, “Navoiy – Nurota – Ruslan eko servis” hamda “Navoiy – To‘dako‘l” kabi yangi turistik yo‘nalishlar ochilishi rejalashtirilgan.

Nurota tumanidagi Chashma ziyoratgohi yonida muzey binosi, “Hunarmandlik markazi” majmuasi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Qiziltepa tumani hududidagi To‘dako‘l ko‘li qirg‘oqlarida mehmonxona, cho‘milish havzasi, restoran va tomosha maydoni barpo etish mo‘ljallangan. Ayniqsa, suv havzasida qayiqda, cho‘l bo‘ylab tuyada sayohat, baliq ovi, mahorat darslari asosida milliy taomlar tayyorlashning yo‘lga qo‘yilishi sayyohlarga o‘zgacha zavq ulashadi.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 20 dan ortiq mehmonxona “E-mehmonxona” elektron hisobga oluvchi maxsus avtomatlashtirilgan dasturni amaliyotga joriy etgan. Bu hududda turizmni rivojlantirish, mehmonxona va turistik firmalarda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash va aniq statistik ma’lumotlarni jamlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 421 madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lib, bu maskanlar qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizni o‘rganishga ishtiyoqmand sayyohlar uchun qiziqarli mavzudir. Ayniqsa, Qosim Shayx, Mavlono Orif Deggaroniy va Raboti Malik karvonsaroyi kabi madaniy meros ob’ektlari sayyohlar bilan doimo gavjum.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2016-yilning birinchi yarmida viloyatga 1030 nafar xorijlik sayyoh kelgan bo‘lsa, 2017 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4000 dan oshib ketdi. Viloyatga bahor va kuz mavsumida sayyohlar oqimi ko‘payib, ular ayniqsa, Aydarko‘l atrofidagi “Qizilqum safari” va “Sputnik Navoiy” dam olish o‘tovlarida mazmunli hordiq chiqarmoqda.

Viloyatda turizm sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, deyarli barcha mehmonxonalarda internet, telefon, faks aloqasi, WI-FI tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 10 dan ortiq firma va mehmonxonalarning o‘z sayti mavjud.

Bularning barchasi sayyohlar sonining ortishi, eng muhimi, aholi bandligini ta’minlash va kelajakda viloyatni sayyohlar, tarixchi olimlar va ziyoratchilar ko‘p keladigan hududga aylantirishga xizmat qilmoqda.