Navoiy viloyati “Issiqlik ta’minoti” MCHJ tomonidan sohaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, avariya holatlariga tezkor munosabat bildirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, jamiyat tasarrufiga 12 dona zamonaviy maxsus avtotransport vositalarining topshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim amaliy qadam bo‘ldi. Ushbu texnikalar issiqlik tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini qisqa muddatlarda bartaraf etish, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish hamda ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish imkonini beradi.
Mazkur yangilanishlar, ayniqsa, kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Avariya brigadalarining texnik jihatdan ta’minlanganligi nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, iste’molchilarga yetkaziladigan noqulayliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
[gallery-27646]
Shu bilan birga, jamiyat faoliyati yangi, zamonaviy ma’muriy binoda yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy infratuzilma asosida ta’mirlangan mazkur bino boshqaruv samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, dispetcherlik xizmatini kuchaytirish hamda texnik jarayonlarni muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, infratuzilmani bosqichma-bosqich yangilash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va iste’molchilar bilan ochiq muloqotni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi, boshqaruv jarayonlarining raqamlashtirilishi va xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarining yaratilishi sohada samaradorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida issiqlik ta’minoti tizimining barqaror ishlashi hamda sifatli ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari