Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov viloyatda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog hamda mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini ta’minlash, ularning kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini muntazam oshirib borishni tashkil etish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida bo‘ldi.
Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi hamda ta’lim, qurilish va loyihalash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar institutning yangi binosi, Axborot-resurs markazi, Abdulla Avloniy yodgorlik muzeyi, videodarslarni tasvirga olish media studiyasi va o‘quv xonalaridagi sharoitlar bilan tanishdi.


Mazkur pedagogik mahorat milliy instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 iyunda qabul qilingan “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida qayta tashkil etilgan. Mavjud majmua kapital ta’mirlanib, ikkita qo‘shimcha bino qurildi, barchasi zamonaviy jihozlandi. Tinglovchilar o‘rni va yo‘nalishlar ko‘paytirilib, malaka tizimi mazmunan boyitildi.


Bu yerda malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgan. Situatsion o‘quv xonasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari bilan videoaloqa orqali ulangan.


Viloyat hokimi malaka oshirishga kelgan pedagoglar uchun tashkil etilgan zamonaviy sharoitlarga ega mehmonxona hamda STEAM laboratoriya markazi binosini ham ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugun aniq va tabiiy fanlarga alohida e’tibor qaratilib, maktablar zamonaviy jihoz hamda o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanmoqda. “STEM” laboratoriyasi esa pedagoglarni bu borada qayta tayyorlash va malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Tanishuv so‘nggida viloyat rahbari mas’ullarga viloyatdagi pedagogik mahorat markazini yangi va zamonaviy ko‘rinishda barpo etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri