Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 2023 yil hosili uchun yetishtirilgan g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi.
Joriy yilda navbahorliklar 8 ming 438 gektar maydonga boshoqli don ekib, parvarishladi. Tumanda g‘alla hosilini o‘z vaqtida sifatli o‘rib-yig‘ib olish maqsadida 206 fermer xo‘jaliklarida 67 ming 129 tonna don yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan olib borish maqsadida 22 otryad tashkil qilinib, 110 nafar mas’ul jalb qilindi. Otryadlarga 22 dona yuqori unumli kombaynlar, shundan 8 dona “Keys”, 12 dona “Dominator 130”, 1 tadan “VEKTOR 410” va “COMIA 12 SAMPO” kombaynlari, don tashish ishlarida qatnashadigan 220 dona yuk avtomobillari, 33 dona traktor tirkamalar biriktirildi.
– Joriy yilda barcha don qabul qilish maskanlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi, – deydi tuman xokimligining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Bekzod Ergashov. – G‘alla parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlar, jumladan, mahalliy va mineral o‘g‘it bilan oziqlantirish, sug‘orish ishlari belgilangan talablar asosida olib borildi. O‘rim mavsumi boshlanishidan avval seminar tashkil etilib, barcha vazifalar belgilab olindi.
1-sektor hududidagi “Ikki o‘g‘lon” fermer xo‘jaligida o‘rim-yig‘im ishlari boshlab yuborildi.
– Joriy yil hosili uchun 50 gektar maydonda boshoqli don parvarishladik, – deydi fermer Mahmudjon O‘roqov. – Qishning sovug‘i, bahorning injiqliklariga qaramasdan qilingan mehnatimiz bugun o‘z samarasini berdi. Dalalarimizda mo‘l hosil yetishtirilgan. Kamida 65 sentnerdan hosil olish niyatidamiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Omborimizga to‘kilgan donning bir qismini ishchilarimizga tarqatamiz.
Albatta, rizq-ro‘zimiz bo‘lgan bug‘doyni isrof qilmasdan yig‘ishtirib olishda dalalarda mehnat qilayotgan dehqonlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga mas’ul bo‘lgan boshqa mutasaddilarning mehnatini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Zero, ularning bugungi mashaqqatli mehnati ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaydi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA